Prezidentning “Milliy musiqa cholg‘ularini ommalashtirish va ishlab chiqarish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Madaniyat vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi hamda keng jamoatchilikning milliy musiqa cholg‘ularini ilmiy darajada o‘rganish va ularni takomillashtirish, “Hunarmand” uyushmasi sub’yektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan sozgar usta-hunarmandlar bilan hamjihatlikda milliy musiqa cholg‘ularini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan Milliy cholg‘ularni ishlab chiqarish sozgarlar shaharchasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

  • milliy musiqa cholg‘ularini ishlab chiqarish va restavratsiya qilish bilan shug‘ullanayotgan “Hunarmand” uyushmasi sub’yektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan usta-hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, “ustoz-shogird” maktablari faoliyatini tubdan takomillashtirish orqali yoshlarni sohaga keng jalb qilish;
  • respublika hududidagi turistik marshrutga kiritilgan obektlar va bozorlarda milliy cholg‘ular savdosini tashkil qilish;
  • har ikki yilda bir marta bo‘lib o‘tadigan “Xalqaro maqom san’ati anjumani” doirasida milliy musiqa cholg‘ularimizni jahon hamjamiyatida keng targ‘ib qilish yuzasidan ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil qiladi.

Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda sozgarlar shaharchasini barpo etish uchun Toshkent shahridan 2 gektar yer maydoni ajratadi. Sozgarlar shaharchasini barpo etish bo‘yicha “Binolardan foydalanish va ularni ekspluatatsiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi buyurtmachi etib belgilanadi.

Moliya vazirligi 2023 yil 1 fevralga qadar sozgarlar shaharchasini barpo etish, milliy cholg‘ular muzeyi, “Hunarmand” uyushmasi sub’yektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 20 ta usta-hunarmandlar har biriga alohida milliy musiqa cholg‘ularini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘ladigan bino-inshootlarni, musiqa cholg‘ularini ishlab chiqarish sexlari, quritish xonalari, ombor xonalari hamda tayyor mahsulotlarni sotish uchun do‘konlar, bundan tashqari “Hunarmand” uyushmasi sub’yektlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan usta-hunarmandlar uchun yashash xonadonlarini qurish, jihozlash hamda sozgarlar shaharchasi atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida respublika budjetidan Madaniyat vazirligi budjetdan tashqari jamg‘armasiga 65 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini ta’minlaydi.