08:27 / 17.09.2022
17546

O‘zbekiston va Isroil o‘zbekistonliklarni ish bilan ta’minlash to‘g‘risida bitim tasdiqlaydi

Prezidentning “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Fotolia

Loyiha 2021 yil 26 iyul kuni Isroilda imzolangan “O‘zbekiston hukumati bilan Isroil hukumati o‘rtasida Isroil mehnat bozoridagi maxsus sektorlarda o‘zbekistonlik ishchilarni vaqtinchalik ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi bitimni tasdiqlashni nazarda tutadi.

Ma’lum qilinishicha, Isroil Mehnat vazirligiga ko‘ra, bugun Isroilda 60 mingga yaqin xorijiy ishchi kuchiga ehtiyoj mavjud. Xorijiy ishchilarni Isroil mehnat bozoriga jalb qilish hukumat tomonidan belgilangan kvotalar asosida ishlaydi. Qishloq xo‘jaligida bunday kvota 29 mingga yaqin kishini, qurilish sohasida 22 mingga yaqin kishini tashkil etadi, keksa yoshdagilar va nogironlarga g‘amxo‘rlik qilish sohasida deyarli hech qanday cheklovlar mavjud emas.

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda 10 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan migrantlar Isroilda keksa yoshdagilarni va nogironlarni parvarish qilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda Isroil hududida ishga joylashtirish maqsadida ayrim shaxslar tomonidan fuqarolardan 12-15 ming dollar miqdorida pul mablag‘lari noqonuniy olinayotgani yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani kuzatilmoqda.

Bitim imzolangan taqdirda, Isroilda ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun quyidagilar ta’minlanadi:

  • odam savdosi, noqonuniy migratsiya, hujjatsiz va qonunga zid ravishda ishchi kuchini jalb qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi;
  • ishga qabul qilish jarayoni shaffof amalga oshirilishi uchun hamda Isroilda ishlashda hech qanday noqonuniy to‘lovlar olinmasligi choralari ko‘riladi;
  • bitim doirasida tanlangan fuqarolarga ishchi viza berilishi navbatsiz va to‘siqlarsiz kafolatlanadi;
  • yiliga 8 000 tagacha bo‘sh ish o‘rni kvota sifatida ajratiladi.

Bitimni amalga oshirish bayonnomasiga muvofiq birinchi bosqichda O‘zbekiston fuqarolarini qariyalar va nogironligi mavjud shaxslarni parvarishlash yo‘nalishi bo‘yicha ishga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Keyingi bosqichlarda fuqarolarni qurilish va boshqa sohalarga jalb qilish Isroil tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Top