Jahon | 07:25 / 27.09.2022
11813
3 daqiqa o‘qiladi

FXX Gruziya bilan chegara punktiga bronetransportyor yubordi

FXX chegarada navbatda turgan odamlar «o‘tkazish punktini buzib o‘tib, hech qanday chegara rasmiyatchiliklarini bajarmasdan mamlakatni tark etmoqchi bo‘lsa», deb zirhli transportyor yuborganini ma’lum qildi.

Videodan kadr

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Gruziya bilan chegaradosh Shimoliy Osetiyadagi Yuqori Lars chegara punktiga harbiy xizmatchilar bilan zirhli transportyor jo‘natdi. Bu haqda 26 sentabr, dushanba kuni FXXning Shimoliy Osetiya bo‘yicha chegara boshqarmasiga tayanib, RBK xabar berdi.

«Zirhli transport vositasi u yerga harakatlanmoqda, biroq nazorat punkti o‘rnatish uchun harakatlanayotgani yo‘q, qo‘pol qilib aytganda, zaxiradagilar nazorat-o‘tkazish punktini buzib o‘tib, hech qanday chegara rasmiyatchiliklarini bajarmasdan mamlakatni tark etishni istagani uchungina. Faqat shu maqsadda», - deb xabar berdi RBKga chegara boshqarmasi, FXX nazorat punktlarini o‘rnatishni rejalashtirmaganligini ta’kidladi.

«Nazorat punkti normal rejimda ishlamoqda, chaqiruv yoshidagi erkak fuqarolarning chiqishi uchun hech qanday cheklovlar joriy etilmagan», — deya qo‘shimcha qildi idora. Zirhli transportyorning askarlar bilan kelgani haqida chegarada turgan odamlar ham chegara punktidan videoni e’lon qilishgan.

Avvalroq Telegram-kanallar Rossiya-Gruziya chegarasidagi «Yuqori Lars» bojxona postida katta tirbandlik tufayli Rossiya fuqarolariga chegaradan piyoda o‘tishga ruxsat berilgani haqida xabar qilgandi.

FXXning Shimoliy Osetiya bo‘yicha chegara boshqarmasi matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, rossiyaliklarga chegarani piyoda emas, balki samokat yoki velosipedda kesib o‘tishga ruxsat berilgan.

«Piyoda tartibida - bu samokatlarda, velosipedlarda va hokazolarda degan ma’noni anglatadi. Bizda xalqaro avtomobil nazorat punktimiz bor, aslida ularda transport bo‘lishi kerak. Odamlar turli nazorat punktlari tartibini kuzatishi kerak. Ya’ni, aslida ular velosipedda, mopedda, skuter, samokat va boshqalarda chiqib ketyapti», — deya idora matbuot xizmatidan iqtibos keltirgan RBK.

TASS agentligining xabar berishicha, 26 sentabr kuni tushdan keyin Rossiya va Gruziya chegarasida uch yarim mingga yaqin avtomobil to‘planib qolgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, tirbandlik 20 kilometrga cho‘zilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin safarbarlik e’lon qilganidan keyin rossiyaliklar mamlakatni faol tark eta boshladi. Sayyohlar uchun ochiq bo‘lgan mamlakatlarga parvozlar uchun chiptalar deyarli to‘liq sotib bo‘lindi, quruqlik chegaralarida ko‘p kilometrlik tirbandliklar paydo bo‘ldi. Meduza'ning prezident ma’muriyatiga yaqin manbalari 28 sentabr kuni erkaklar uchun chegarani kesib o‘tishga cheklovlar joriy etilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid