17:34 / 28.09.2022
16257

AQSh o‘z fuqarolarini Rossiyani zudlik bilan tark etishga chaqirdi

Foto: Getty Images

Safarbarlik fonida Rossiyani tark etish imkoniyatlari tobora kamayib bormoqda, deya ogohlantirdi AQSh Davlat departamenti. Uning ta’kidlashicha, ikki fuqaroligi bo‘lgan shaxslar Ukraina bilan urush uchun armiyaga chaqirilishi mumkin.

AQSh Davlat departamenti Amerika fuqarolariga Rossiyani zudlik bilan tark etishni tavsiya qildi. 28 sentabr, chorshanba kuni AQShning Moskvadagi elchixonasi saytida e’lon qilingan murojaatda Davlat departamenti 21 sentabr kuni Rossiyada «qisman safarbarlik» e’lon qilingani va ikki fuqarolikka ega bo‘lganlar armiyaga chaqirilib, Ukraina bilan urushga yuborilishi mumkinligini eslatgan.

«Rossiya ikki fuqaroligi bo‘lgan shaxslarni AQSh fuqaroligini tan olishni rad etishi, ularga AQSh konsullik yordamini olishdan bosh tortishi, Rossiyadan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi va ikki fuqarolikka ega shaxslarni harbiy xizmatga chaqirishi mumkin», — deyiladi hujjatda. 

Davlat departamenti, shuningdek, Rossiyani tark etish imkoniyatlari tobora kamayib borayotgani haqida ogohlantirdi. «Rossiyadan boshqa davlatlarga juda cheklangan miqdordagi reyslar mavjud va ular uchun chiptalar keyingi sanalar uchun mavjud bo‘lmasligi mumkin, ammo quruqlikdagi chegaralar hali ham avtomobil va avtobusda kesib o‘tish uchun ochiq. Agar siz Rossiyani tark etishni istasangiz, unda mustaqil choralar ko‘rishingiz kerak», dedi Davlat departamenti va AQSh elchixonasining vatandoshlarga sayohat qilishda yordam berish qobiliyati yanada cheklanishi mumkinligini tushuntirdi. 

AQSh tashqi siyosat idorasi, shuningdek, fuqarolarni Rossiyaga sayohat qilishdan tiyilishga, Rossiyada bo‘lgan amerikaliklarni «har qanday siyosiy yoki ijtimoiy noroziliklardan» qochishga, xavfsizlik xodimlarini suratga tushirmaslikka chaqirdi, chunki Rossiya rasmiylari namoyishlarda qatnashgan AQSh fuqarolarini avval ham qo‘lga olgan.

Mavzuga oid
Top