O‘zbekiston | 13:00 / 05.10.2022
7048
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «Urologiyaning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot birligi» Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Foto: SamDTU

2022 yil 3-4 oktyabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida «Urologiyaning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot birligi» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Xalqaro anjumanda Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Belarus, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va tibbiyot markazlari xodimlari ishtirok etdilar.

Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Inoyatov Amrillo, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, O‘zbekiston Respublikasi Urologlar ilmiy jamiyati raisi Farhod Akilov, Kursk davlat tibbiyot universiteti rektori Lazarenko Viktor (Rossiya) va boshqalar ishtirokchilarga tabrik so‘zlari bilan murojaat etib, ushbu anjumanning oliygohlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyatini ta’kidlab o‘tdilar va forum ishiga muvaffaqiyat tiladilar.

Xalqaro konferensiyaning asosiy qismi 7 ta yalpi majlisda davom ettirilib, unda ishtirokchilar «Endourologiya: urolitiaz va prostata bezining xavfsiz giperplaziyasini davolashdagi innovatsiyalar», «Laparoskopik urologiya: O‘zbekiston urologlarining yutuqlari va xorijiy tajriba» yo‘nalishlari bo‘yicha va «Urologiyada medikamentoz terapiya», «Onkourologiya», «Bolalar urologiyasi» mavzularida ma’ruzalar tingladilar, shuningdek, «Yosh urologlar» hamda yosh olimlar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya davomida 80 dan ziyod urolog-amaliyotchi va yosh olimlarning ma’ruzalari tinglandi. Konferensiya materiallari «Biomeditsina va amaliyot» xalqaro jurnalining maxsus sonida chop etildi.

Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan «Urologiyaning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot birligi» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya urologiya fanini rivojlantirishga, yangi bilimlarni kundalik amaliyotga tatbiq etishga, iqtidorli yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etishga hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim muassasalarida urologiya fanini o‘qitish sifatini yanada oshirishga, respublikada sog‘liqni saqlash sohasini yanada takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

SamDTU matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid