“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligining vakolatxonasi muvofiqlashgan harakatlari natijasida fuqaro voyaga yetmagan qizi bilan birga vatanga qaytarildi.

Ma’lumotga ko‘ra, ayol Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgani uchun Krasnoyarsk huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan. Shaxsiy hujjatlari yo‘qolgani sababli u Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida saqlangan, qizi esa voyaga yetmagan bolalar uchun maxsus muassasaga joylashtirilgan.

Bosh konsulxona ona-bolaning qaytishiga doir barcha tashkiliy va hujjat ishlarini amalga oshirdi. Migratsiya agentligi vakolatxonasi ular uchun aviachiptalarni xarid qildi.

Yurtdoshlar Krasnoyarsk—Toshkent aviareysi orqali O‘zbekistonga jo‘nab ketdi.