Respublika perinatal markazi direktori Nilufar O‘rinboyeva bu borada o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
«Gormonal dori vositalari ayollarda ko‘pgina ginekologik kasalliklar va hayz sikli buzilishining oldini olishda shifokor tomonidan buyuriladi. Faqat ularni qabul qilish mutaxassisning qat’iy nazorati va kuzatuvi ostida bo‘lishi zarur.
Chunki noto‘g‘ri va palapartish gormon terapiyasidan foydalanish ayollar sog‘ligida jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Jumladan, bunday preparatlarni noo‘rin qo‘llash xotin-qizlarning tana vazni oshishiga ta’sir qiladi. Qolaversa, yurak-qon tomir xastaliklari rivojlanishi xavfini oshiradi», — deydi mutaxassis.
- Shuningdek:
- oshqozon-ichak trakti kasalliklari;
- allergik reaksiyalar;
- xavfli va xavfsiz o‘smalar rivojlanishi;
- asab va ruhiy buzilishlar;
- tanada suyuqlik to‘planishi;
- tuxumdonlarda kistalar shakllanishi;
- temir tanqisligi;
- tromboz kabi kasalliklar ham aynan gormonlarni noo‘rin qo‘llash oqibatida yuzaga kelishi mumkin.
Bundan tashqari, tanada lipidlar almashinuvi buzilishi, jigar kasalligi, bachadon hamda vaginal qon ketish, malign neoplazm holatlarida ayollar uchun gormonal terapiya o‘tkazish aslo mumkin emasligi, bronxial astma, epilepsiya, migren bilan og‘rigan ayollarga esa bu muolaja ehtiyotkorlik bilan buyurilishi lozimligi qayd etilgan.
«Eng asosiysi, gormonal dorilardan bemor opa-singillarimiz mustaqil yoki yaqinlarining maslahati bilan foydalanmasligi zarur. Aks holda, yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu holat tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.








