Mahsulot sotib olishdagi qulayligi va vaqtni tejashiga qaramay, o‘zbekistonliklar elektron savdoga u qadar ham tez o‘rganib ketmayapti. Hatto koronavirus pandemiyasi ham sohaga kutilgan darajada katta stimul bera olmadi. Fikrimizcha, buni birlamchi uch omil bilan izohlash mumkin.

Birinchidan, elektron buyurtmalar yoki elektron shartnomalarda kelishilgan mahsulot va xizmatlarni manzilga yetkazib berishda transport-logistika tizimida kamchiliklar bor.

Ikkinchidan, hududlar kesimida internet sifati keskin farq qiladi. Viloyatlarda poytaxtga nisbatan, tumanlarda esa viloyat markaziga nisbatan internet sifati sezilarli darajada yomon.

Uchinchidan, pochta tizimi keng ommalashmagan va virtual firibgarliklar ko‘payib boryapti.

Elektron savdo hajmini qanday qilib oshirish mumkin?

Mavjud segmentlarni tub o‘zgartirmagan holda yaxshilash. Masalan, amalda butun boshli transport-logistika tizimini qisqa muddatda respublika miqyosida qayta qurib chiqishning imkoniyati mavjud emas. Shunday ekan, hududlardagi mahalliy aholidan kelib chiqqan holda hududiy savdo do‘konlarini “so‘nggi yetkazib berish nuqtasi”ga aylantirish mumkin. (Shveytsariyaning “buy local” tajribasi, Avstriyaning “regional web shops” tajribasi). Shuningdek, markazlashgan yagona ma’lumotlar bazasining (server) mavjud emasligi kiberjinoyatchilar uchun ham yagona hujum nishoni mavjud bo‘lmasligini ta’minlaydi.

Mavjud tizimni saqlab qolgan holda, uning xususiyatini qisman o‘zgartirish. Xususan, bank kartalarida aholi yosh toifasi yoxud inklyuzivligi nuqtayi nazaridan kelib chiqqan to‘lov tizimlarini taqdim etish. Bu orqali virtual firibgarlik mo‘ljaliga aylanishi mumkin bo‘lgan eng zaif qatlamlar, katta yoshli qariyalar va nogironligi bor shaxslar uchun soddaroq xizmatlar taklif etish imkoni vujudga keladi.

Onlayn elektron tijorat bozorini shakllantirishda qaysi omillar muhim ahamiyat kasb etadi?

M-Faktor loyihasining navbatdagi ko‘rsatuvi mehmoni bo‘lgan iWengo elektron tijorat biznes-maktabi asoschisi Yuliana Gordonning ta’kidlashicha, marketpleyslarning (onlayn elektron tijorat bozori) rivojlanishi marketing, logistika operatsiyalari, mahsulot assortimenti, xaridorlar bilan ishlash, internet narxi, ijtimoiy tarmoqlardagi aholi ulushi va bozordagi mahsulotlarning elektron savdoga ixtisoslashgani kabi bir qancha omillarga bog‘liq.