Jorjiyada AQŞ Senatiga saylovning ikkinçi bosqiçi 6 dekabrga belgilangan. Bu haqda 9 noyabr, çorşanba kuni Jorjiya ştati davlat kotibi Bred Raffensperger ma’lum qildi.
Birinçi ovoz beriş jarayonida heç bir nomzod uşbu ştatda ğalaba qozoniş uçun zarur bölgan ovozlarning yarmidan köpini ololmadi. Demokratik nomzod, Jorjiya ştatidan amaldagi senator Rafael Uornok 49,4 foiz, uning respublikaçi raqibi Xerşel Uoker 48,5 foiz ovoz oldi. Uçinçi nomzod Çeyz Oliverning natijasi esa 2,1 foizni taşkil etdi.
Jorjiyadagi ikkinçi tur natijalari AQŞ Kongressining yuqori palatasi, Senat ustidan nazoratni kim - demokratlar yoki respublikaçilar qölga kiritişini aniqlab berişi ehtimoli yuqori. Yana ikkita muhim ştat - Arizona va Nevadada hamon ovozlarni sanaş davom etyapti. Arizona ştatida, byulletenlarning 67 foizi qayta işlangandan söng, demokrat Mark Kelli 51 foiz ovoz bilan, Nevada ştatida esa, byulletenlarning 77 foizi qayta işlangandan söng, respublikaçi Adam Laksal 50 foiz natija bilan ğalaba qozonyapti.
Agar bu ştatlarda mavjud tendensiyalar davom etsa, aynan Jorjiyadagi saylovlar natijasi demokratlar Senatdagi 100 örindan 50 tasini qölga kirita olişini aniqlaştirib beradi. Agar ular bunga muvaffaq bölsa, unda bu köpçilik örinni qölga kiritiş uçun yetarli böladi - çunki qonunga köra, har ikki partiyadan teng miqdordagi senatorlar bölgan holatda AQŞ vitse-prezidenti ovoz beriş huquqiga ega. Hozirda bu lavozimni demokratlar vakili Kamala Xarris egallab turibdi.
Şu bilan birga, Respublikaçilar partiyasi a’zolari AQŞ Vakillar palatasida köpçilikni taşkil qilişi va gubernatorlik saylovlari Kongressga oraliq saylovlar bilan bir vaqtda ötkazilayotgan AQŞning aksariyat ştatlari va hududlarida köpçilik öringa erişişi mumkin.
Bred Raffensperger - respublikaçi. Biroq, 2020 yilgi AQŞ prezidentlik saylovlari paytida, OAV xabarlariga köra, u özining partiyadoşi, öşa paytdagi prezident Donald Trampning Jorjiya davlat kotibidan Bayden ustidan ğalaba qozonişi uçun yetişmayotgan 11 780 ovozni «topib berişni» talab qilganiga qarşilik körsatgan. Buni The Washington Post naşri çop etgan suhbatning audioyozuvi tasdiqlaydi.













