Jahon | 13:02 / 12.11.2022
9977
3 daqiqa o‘qiladi

Respublikachi Lombardo Nevada shtati gubernatori etib saylandi

Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlangan sobiq politsiyachi va Las-Vegas sherifi Jo Lombardo Nevada gubernatori etib saylandi.

Foto: AP

Nomzodini AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp qo‘llab-quvvatlagan respublikachi, sobiq politsiyachi va Las-Vegas sherifi 60 yoshli Jo Lombardo Nevada gubernatori etib saylandi. Bu haqda 12 noyabr, shanba kuni AP agentligi xabar berdi.

Lombardo bir muddat Nevada gubernatori bo‘lgan demokrat Stiv Sisolakni mag‘lub etdi. «G‘alaba qozonishimizga taxminan bir foiz yetishmayotganga o‘xshaydi. Shuning uchun men sherif bilan bog‘lanib, unga yaxshilik tilab qoldim», - dedi Sisolak o‘z bayonotida.

Lombardo 1988 yilda Las-Vegasda politsiyachi sifatida ishlay boshlagan va ikki muddat Klark okrugi sherifi lavozimini egallagan. U shtatda jinoyatchilikning kuchayishi bilan bog‘liq tanqidlar to‘g‘riligini tan olgan, lekin buning uchun demokratlarni ayblagan, shuningdek, bu tendensiyani huquq-tartibot idoralari uchun mablag‘ yetishmasligi bilan bog‘lagan.

Saylov kampaniyasi davomida siyosatchi bir necha bor Trampdan uzoqlashdi, shuningdek, 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalari soxtalashtirilganligi haqida hech qanday bayonot bilan chiqish qilmadi.

Nevada shtatida ovozlarni hisoblash bu yil cho‘zilib ketdi. Buning sababi shundaki, 2020 yilda shtat pochta orqali ovoz berish tizimini sezilarli darajada kengaytirdi, endi unda ro‘yxatga olingan har bir saylovchiga byulleten yuboriladi.

Bu yil Nevadada saylovchilar ovozlarining qariyb 15 foizi saylovdan keyingi kun ro‘yxatga olindi va shtatga byulletenlarning 100 foizini hisoblash uchun uch kun kerak bo‘ldi. Bundan tashqari, Nevada shtatidagi saylov uchastkalarida yopilish vaqtida uzun navbatlar yuzaga keldi va bu ham joylardan ma’lumotlarni zudlik bilan ochiqlashga to‘sqinlik qildi.

Arizona va Nevada shtatlarida o‘tkazilgan oraliq saylov natijalari AQSh Kongressi Senati ustidan nazoratni o‘rnatish uchun kalit hisoblanadi. Ularning ikkalasida ham amaldagi senatorlar Demokratik partiya tarafdorlari edi.

AQShda oraliq saylovlar 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ularda Vakillar palatasining butun tarkibi (435 o‘rin) va Senatning uchdan bir qismi (yuztadan 35 o‘rin) qayta saylandi. Bundan tashqari, 36 shtatda yangi gubernatorlar saylanyapti.

Jorjiyada 6 dekabrga belgilangan ikkinchi raund bo‘lib o‘tadi. Bu haqda shtat davlat kotibi Bred Raffensperger ma’lum qildi.

AQSh Kongressi Vakillar palatasida respublikachilar, tahlilchilarga ko‘ra, 220 dan ortiq ovozga ega bo‘ladi. Oddiy ko‘pchilik uchun 218 ovoz yetarli. Senat uchun kurash davom etmoqda. Umuman olganda, prezident Jo Baydenning Demokratik partiyasi tahlilchilar taxmin qilganidan yaxshiroq natija ko‘rsatdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid