00:29 / 18.11.2022
11271

«Real» - yilning eng yaxshi klubi, Benzema – yil o‘yinchisi, Anchelotti – eng yaxshi murabbiy. Globe Soccer Awards-2022 laureatlari e’lon qilindi

Foto: Getty images

«Real», Benzema, Anchelotti – tengsiz, Ramos – tarixdagi eng yaxshi himoyachi. Globe Soccer Awards-2022 laureatlari e’lon qilindi

Birlashgan Arab Amirliklarida an’anaviy Globe Soccer Awards marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dubayda o‘tgan tantanali marosimda «Real» klubi yilning eng yaxshi futbol klubi deb topildi. YeChL va La Liga g‘olibi sanalmish Madrid klubi bu borada «PSJ», «Manchester Siti», «Milan», «Roma», «Liverpul», «Palmeyras», «Flamengo», «Al-Hilol» va «Vidad» klublarini ortda qoldirdi.

Eng yaxshi murabbiy sifatida esa «Real» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti tanlandi.

Jahonning 2022 yildagi eng yaxshi futbolchisi deya Karim Benzema e’lon qilindi. Fransiyalik forvard Tibo Kurtua («Real Madrid»), Robert Levandovski («Barselona»), Lionel Messi, Kilian Mbappe (ikkisi ham – «PSJ»), Erling Holand («Manchester Siti»), Krishtianu Ronaldu («Manchester Yunayted»), Luis Dias, Muhammad Saloh va Sado Mane (barchasi – «Liverpul») singari o‘yinchilarni ortda qoldirdi.

Benzema o‘tgan mavsum La Liga va YeChLda g‘olib bo‘lish bilan birga eng yaxshi to‘purarga aylangandi.

Marosimda Tik-Tok ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari ovozlariga ko‘ra ham yil futbolchisi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, «Liverpul»ning misrlik hujumchisi Muhammad Saloh eng yaxshi o‘yinchi deb topildi.

«PSJ» himoyachisi Serxio Ramos futbol tarixidagi eng yaxshi himoyachi sifatida sovrin bilan taqdirlandi. Ispaniya milliy jamoasi, «Real» va «Sevilya» klubi sobiq futbolchisi marosimda sovrinni qabul qilib oldi.

Shuningdek, faoliyati davomidagi yutuqlar uchun Zlatan Ibrahimovich («Milan»), Ueyn Runi («Manchester Yunayted») va Romario («Vasko da Gama») sovrin bilan taqdirlandi.

«Milan»dagi faoliyati uchun italiyalik menejyer Adriano Galliani hamda «Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri murabbiylik faoliyati uchun sovringa munosib topildi.

«Milan» klubi rahbariyatida faoliyat yuritayotgan Paolo Maldini va Frederik Massari yilning eng yaxshi sport direktorlari deb e’lon qilindi. 
 

Top