O‘zbekiston | 12:26 / 18.11.2022
10352
3 daqiqa o‘qiladi

«Yangi Angren» IESda avtomatik stansiya o‘rnatilmagan – Hukumat hisobotida bu vazifa bajarilgan deb taqdim qilindi

Foto: Kun.uz

Davlat dasturi doirasida 2022 yilning so‘nggi 9 oyida 607 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan 233 ta topshiriq to‘liq bajarilgan, 219 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjat qabul qilingan. Ammo 81 ta band ijrosi yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihalari qabul qilinmagan va oqibatda belgilangan vazifalar bajarilmagan. Bu haqda Oliy Majlisning 35-yalpi majlisida ma’lumot berildi.

Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayevning ta’kidlashicha, dasturning ayrim bandlaridagi vazifalar belgilangan muddatlarda ijrosi yetarlicha ta’minlanmagan.

Xususan, dasturning 74-bandida energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, barcha ishtirokchilarga teng imkoniyatlar berish va narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy qilish vazifasi yetarlicha bajarilmagan.

264-bandda esa aholiga axborot-kutubxona xizmat ko‘rsatishni yanada rivojlantirish hamda sohada yagona boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida tayyorlangan hujjat loyihasi vakolatli organlarga aprel oyida emas, balki oktyabr oyida, kechikib kiritilgani aytildi.

Shuningdek, dasturning 286-bandiga muvofiq tajriba tariqasida «Yangi Angren Issiqlik elektr stansiyasi» AJ va «Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati» AJ Mis eritish zavodlarining ifloslantiruvchi manbalaridan namuna olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiyalar o‘rnatish joriy yil sentabr oyiga belgilangandi. «Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati»da mazkur vazifa bajarilgan.

«Biroq «Yangi Angren Issiqlik elektr stansiyasi»da avtomatik stansiya o‘rnatilmagan, endigina tender hujjatlarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Lekin hukumat hisobotida mazkur vazifa bajarilgan deb taqdim qilingan», – dedi Baxtiyor Sayfullayev.

Bundan tashqari, dasturda ayrim vazifalarning ijro muddati uzaytirilgan bo‘lishiga qaramasdan shu kunga qadar bajarmagani aniqlangan.

Jumladan, 85-bandning 2-kichik bandiga muvofiq shu yil mart oyiga qadar Zangiota tumanidagi Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududini kengaytirish orqali Biotexnologik klaster tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinishi kerak edi. Mazkur vazifa ijrosi belgilangan tartibda 2 oy muddatga, ya’ni 11 mayga qadar uzaytirilgan. Biroq ushbu vazifa ijrosi bugungi kunga qadar bajarilmagan.

Mavzuga oid