Bir qo‘li bilan Turkiya o‘zi va Moskva o‘rtasidagi yaqin aloqalarni ushlab turibdi, sanksiyalar joriy etishni va mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarni bekor qilishni paysalga solmoqda. Ikkinchisi bilan esa Ukrainaga pilotsiz uchar qurilmalar yetkazib, g‘alla kelishuvida Putindan g‘olib chiqmoqda.

Erdo‘g‘anning ta’sir doirasi oshib bormoqda, lekin tokaygacha u ikki stulda o‘tirishni eplay oladi, Turkiyaning o‘zidagi ichki siyosiy muammolar uning ambitsiyalarini ko‘mib qo‘ymaydimi? Bularning bari BBC tahliliy maqolasida.

Suvarakdan sherikkacha

2018 yilning may oyi. Volodimir Zelenskiy prezidentlikka o‘z nomzodini ilgari surishiga yarim yil qolgan edi. «Kvartal 95» studiyasi badiiy rahbari Turkiya haqida yumoristik sahna ko‘rinishlari qo‘yardi.

Zelenskiy Usmoniylar imperiyasi davrida urf bo‘lgan, Otaturk davrida taqiqlangan turkcha qizil fes (do‘ppi)da sahnaga chiqib keladi. Turkcha aksent bilan Zelenskiy Turkiyada hokimiyat o‘zgarmayotganini hajv qilib, Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni «mo‘ylovli suvarak» deb ataydi.

Qiziqchi Volodimir Zelenskiy Erdo‘g‘anni hajv qilmoqda. Foto: Kvartal 95

To‘rt yil ichida manzara tubdan o‘zgardi: qora tusli «Mercedes» Lvivdagi Pototskiy saroyiga yaqinlashdi. Volodimir Zelenskiy an’anaviy moshrang futbolka, ishton va krossovkada eshik oldida kutib turardi. Kostyum va galstukdagi Erdo‘g‘an Ukraina prezidenti qo‘lini uzoq siqib ko‘rishdi. Ular takallufli so‘zlar almashishdi, minnatdorchilik belgisi sifatida qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha ko‘proq Zelenskiy gapirdi.

Bu to‘rt yil Ukrainani ham, Turkiyani ham o‘zgartirdi. Yumoristik sahna ko‘rinishlari unutildi, urushgacha bo‘lgan yillarda Ukraina va Turkiya o‘zaro hamkorlikdan foyda ko‘ra boshlashdi.

Turkiya 2014 yilda Qrim annexia qilinib, Donbassning bir qismi ishg‘ol etilgach, Ukrainaga uning qarshilik ko‘rsatish ramzlaridan biriga aylangan pilotsiz uchar qurilmalar sotishga rozi bo‘lgan kam sonli davlatlardan biri bo‘ldi.

Erdo‘g‘an esa o‘z mamlakatini mintaqadagi ta’sirli siyosiy o‘yinchiga aylantirish imkoniyatini xayolidan bir lahzaga qochirmadi. Bundan tashqari, Turkiya yetakchisi turklar doim yaqin aloqa saqlab kelgan qrim tatarlari vatani — Qrimning yo‘qotilishi tufayli Ukrainaga hamdardlik bilan munosabatda bo‘lib keldi. Rajab Toyyib Erdo‘g‘an asosan Qrimni Ukrainaga qaytarish kerak, degan chiqishlar bilan chegaralanib keldi. Ba’zan muzokaralar uchun yumaloq stol taklif etib, Erdo‘g‘an ularni faqat so‘zlarida qo‘llab-quvvatlashda davom etdi. Ammo aynan uning bayonotlari tufayli Qrim masalasi jahon yetakchilari muhokamasida boshqa mavzular orasida yo‘qolib qolmadi.