Shu kunlarda “Minerva city” mijozlari norozi, mediamakonda investor firibgar degan mish-mishlar yuribdi. Xo‘sh, Yangihayot tumanidagi bu yirik loyihada o‘zi nimalar bo‘lyapti? Fuqarolar chindan ham aldanganmi? Loyiha egasi ayrim nashrlar yozganidek qallobmi?

Boshidan boshlasak, o‘zi nima bo‘lgandi?

2018 yilning 28 sentabr kuni “MJ Developers” O‘zbekiston hukumati bilan 100 million dollarlik sarmoya shartnomasini imzolab, o‘zining 4 ta yirik loyihasiga sarmoya kiritishni boshlagan. Dastlab Buxoroda 5 yulduzli mehmonxona qurilishi, keyinroq Namanganda “Namangan Square”, Toshkentda “Minerva city” aqlli shaharchalari hamda Bektemir tumanida “Lake City” sun’iy ko‘li qurilishi boshlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Buxoro va Namangandagi ishlar muammosiz davom etmoqda.

Buxoroda qurilayotgan “Hyatt regency” mehmonxonasi / Foto: MJ Developers
Buxoroda qurilayotgan “Hyatt regency” mehmonxonasi / Foto: MJ Developers

Boshida poytaxtdagi qurilishlar ham bir maromda ketayotgandi. 2020 yilda Toshkentning Yangihayot tumanida 100 gektar hududda shoping va biznes markazlari, mehmonxonalar, turar joylar va yana qator binolardan iborat “Minerva city” nomli aqlli shaharcha qurilishi start oldi.

“Minerva city” aqlli shaharcha loyihasi

Loyihaning bir qismi hisoblangan xalqaro universitet binosining tamal toshini qo‘yish marosimida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham qatnashib, loyiha barcha uchun olamshumul bo‘lishi, bu jarayonda sarmoyadorlarga har taraflama yordam berilishi va ularga imkoniyatlar ochib berilishini aytgandi.