– Bir sovuq tushib, qor yog‘ishi bilan energetika tizimida juda katta muammo yuzaga keldi. Gaz bosimi tushib ketdi, elektrda uzilishlar, gaz quyish shoxobchalaridagi holatni ko‘ryapmiz. Birinchi qor yoqqandayoq nega bunchalik katta muammolar kelib chiqdi?

– Bu muammolar birinchi qor tushganda sodir bo‘lmadi. Ob-havo soviy boshlagan noyabr oyidayoq muayyan cheklovlar kiritib, muayyan tabiiy gaz iste’molchilarini cheklashga majbur bo‘ldik. Issiqxonalarni gazdan uzish ham ana shu cheklovlar bilan bog‘liq edi. Bunga birinchi navbatda o‘zimizning ishni to‘g‘ri tashkil etmaganligimiz sabab bo‘lsa, ikkinchidan talab va taklif orasidagi katta tafovut sabab deb o‘ylayman.

Aholi sonining, iste’mol darajasining, qolaversa, tadbirkorlik sub’yektlarining ortib borishi natijasida iste’mol so‘nggi yillarda keskin oshdi, bunga yarasha oxirgi besh yilda juda katta yangi generatsiyalar qurildi, modernizatsiya qilinyapti...

– Aholi sonining o‘sishi, tadbirkorlik sub’yektlarining ortishi natijasida iste’molga bo‘lgan talab oshishi va ishni to‘g‘ri tashkil qilmaganimiz deyapsiz, nega to‘g‘ri qilmadingiz? Nega shunday bo‘lishini bilib turib, ishlarni to‘g‘ri tashkil qilmadingiz? Har yili bu muammo qaytalanishi ma’lum edi-ku.

– Yetarli tayyorgarlik bo‘lmasligiga sabab moliyalashtirishdagi tafovutlarga borib taqaladi. Bu birinchisi bo‘lsa, ikkinchisi hamma yerda ham ishlarning sifatli tashkil qilinmagani – joylarga borib o‘rganilganda bajarildi deb turib, ishni bajarmagan yoki ko‘zbo‘yamachilik bo‘lgan. Eng asosiy sabab esa ishlab chiqarayotgan tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’moldagi talab darajasini to‘liq qoplay olmayotganidadir. Buning uchun nima qilindi deysiz, buning uchun hozirgi kunda elektr energiyani import qilyapmiz.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov

– Ko‘zbo‘yamachiliklar, noto‘g‘ri ishlar deyapsiz. Bugungi muammolarni keltirib chiqargan odamlarning ism-familiyalarini ayta olasizmi?

– Bu bo‘yicha Bosh prokuratura bilan ishchi guruh tuzgan holda o‘rganishlar olib boryapmiz. Albatta, sustkashlikka va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yganlar, albatta, jazolanadi. Lekin hozirgi kunda aybdorlarni izlashdan ko‘ra, yuzaga kelgan muammolarni qanday bartaraf etish bilan shug‘ullanish zarur deb o‘ylayman.