O‘zbekiston | 11:09 / 16.12.2022
2131
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir Norov AQShning diniy erkinlik sohasidagi maxsus elchisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov AQShning Xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlari bo‘yicha elchisi Rashad Husayn bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Amerika tomoniga O‘zbekistonda fuqarolar diniy huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi. Diniy erkinlikni ta’minlash, fuqarolar uchun diniy rasm-rusumlarni ado etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi muhim qismi ekani ta’kidlandi.

Rashad Husayn O‘zbekistonda fuqarolar din sohasidagi huquq va manfaatlarini ta’minlash, bu boradagi milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, mamlakatda dinlararo o‘zaro anglashuv muhitini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini, diniy tashkilotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijalarini olqishladi.

Amerika tomoni diniy rasm-rusumlarni ado etish va dindorlar o‘z e’tiqodlarini ifoda etishi uchun yanada kengroq sharoitlar yaratish radikal qarshi kurashga yordam berishini ta’kidladi. Rashad Husayn ushbu sohadagi islohotlar, qonun hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar davom etishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar diniy erkinlikni himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun muntazam ravishda amaliy muloqot olib borishga kelishib oldi. 

 

Mavzuga oid