Eron-Ozarboyjon chegarasida har ikki davlatning yirik harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Tehron o‘z mashg‘ulotlari bilan Bokuning Janubiy Ozarboyjon borasidagi pozitsiyasi va oyatulloh rejimini tanqid qiluvchi chiqishlariga javob bermoqchi bo‘ldi. Biroq Turkiya-Ozarboyjon kuchlari ham javob yurishini amalga oshirdi. Yaqinda Ozarboyjon parlamentida mamlakat nomini Shimoliy Ozarboyjon deb o‘zgartirish, bu orqali Eron tarkibida ham Ozarboyjon yerlari va millati borligini butun dunyoga bildirish taklif qilindi. Ozarboyjon zamini qachon ikkiga bo‘lingan edi?

Haqiqiy tarixiy Ozarboyjon — bu Janubiy Ozarboyjon

Ozarboyjon (Azerbayjan) nomi ancha tarixiy nomdir. Bu nomning ildizi miloddan avvalgi asrlarda ishlatilgan Atropatene nomiga borib taqaladi. Rasmiy ravishda bu nomdan Ahamoniylar davrida Atropates shaklida, satraplik (viloyat) nomi sifatida foydalanilgan.

«Atropates» yoki «Atropatane» nomi qadimgi forschadan «olov bilan himoyalangan yer» ma’nosini beradi. Hozirgi Janubiy Ozarboyjon yerlariga to‘g‘ri keluvchi hududning bunday atalashiga qadimgi rivoyatlarga ko‘ra zardushtiylik payg‘ambari Zardushtning shu yerda tug‘ilgan deb hisoblanishi (hozirgi kunda olimlar bu borada turli xil fikrda) sabab bo‘lgan. Shuningdek, payg‘ambar tug‘ilgan joy sifatida bu yerda ko‘plab otashparastlik ibodatxonalari bo‘lgan va ularda so‘nmas olovlar yoqilgan.

Shimoliy va Janubiy Ozarboyjon

«Atropatane» nomi vaqt o‘tishi bilan assimilyatsiyaga uchrab boradi va qadimgi yangi-fors tilida Ādharbādhagān yoki Ādharbāyagān deb atala boshlanadi. Bu nom esa keyingi asrlarda hozirgi Azerbayjan shakliga keladi.

Yuqorida aytilganidek, qadimgi Atropatene va Atropes hududi hozirgi mustaqil Ozarboyjon yerlariga emas, balki Eron Ozarboyjoni yerlariga to‘g‘ri keladi. Ya’ni Ozarboyjon nomi bilan atalgan haqiqiy tarixiy hudud bu Janubiy Ozarboyjondir.

Qadimgi Atropatene hududi

Turkiylashuv va davlatchilik

Janubiy Ozarboyjon yerlariga turkiy xalqlar Saljuqiylar davrida keng ko‘lamda ko‘chib kela boshlaydi. XI asrda boshlangan turkiy Ozarboyjon xalqi shakllanishi XV asrgacha davom etadi.

Ilk Ozarboyjon davlatchiligi deb hisoblanuvchi Otabegilar davlati asosan Janubiy Ozarboyjon va Naxchivon yerlarida hukmronlik qilgan. Bu davlat tarkibiga Tabriz, Ardebil, Ganja kabi shaharlar kirgan. Mashhur yozuvchi, xamsachilik an’anasi boshlab bergan shoir Nizomiy Ganjaviy ham shu davrda yashab o‘tgandi.