Medvedevning advokati Bryun’yulf Risnes BBC bilan suhbatda uning mijozi Oslo hududida bo‘lib turgani va unga chegarani noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha ayblov qo‘yilishini aytgan.
Norvegiya shimolidagi Finnmark provinsiyasi politsiya shtabi boshlig‘i Tarey Sirma-Tellefsenning aytishicha, rossiyalik chegarachilar patruli tomonidan qo‘lga olingan va boshpana so‘ragan.
Norvegiya chegara xizmati rossiyalik Rossiya bilan chegarani kesib o‘tganidan keyin qo‘lga olinganini tasdiqlagan, ammo xavfsizlik va shaxsiy daxlsizlik nuqtayi nazarida boshqa izoh bera olmasligini bildirgan.
Avvalroq Andrey Medvedev Norvegiyaga qochib o‘tgani haqida Gulagu.net huquq tashkiloti xabar bergandi.
«Komandir Yevgeniy Nujin («Kusok» laqabli) va «Vagner» XHK 7-shturm otryadining 4-vzvod 1-bo‘limi qo‘mondoni Andrey Medvedev Rossiya Federatsiyasi hududini 12 yanvar kuni Murmansk oblasti «Nikel» aholi yashash manzili yaqinida tark etgan va Norvegiyaga o‘tgan, huquq-tartibot organlari xodimlariga murojaat qilib, himoya va siyosiy boshpana so‘ragan. Medvedev qo‘riqchilar bilan mahalliy aeroportdan Osloga olib ketilgan, u yerda migratsiya qonunchiligini buzganlar uchun markazdan yashash joyi taqdim etilgan, shu kunlarda siyosiy boshpana va xalqaro himoya berish jarayoni boshlanadi», deyiladi Gulagu.net telegram-kanali xabarida.
Proyekt audiointervyu e’lon qilgan, unda Medvedev Rossiyaning Norvegiya bilan quruqlik chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani, oq kamuflyaj xalatida qochgani, Rossiya chegarachilari uni Norvegiya chegarasiga 2 kilometr qolganda aniqlab, unga qarata o‘t ochgan va xizmat itini uning orqasidan qo‘yib yuborganini aytadi.
«Men muzlagan ko‘lga tomon yugurdim, ular orqamdan yugurishdan qo‘rqdi, chunki muz juda yupqa edi. Orqamdan itni qo‘yib yuborishdi, lekin u simga o‘ralashib qoldi. Men Norvegiyadagi eng yaqin aholi punktigacha yugurdim», deydi Medvedev.
U o‘z hayoti uchun xavfsiramoqda, chunki uni nafaqat huquq-tartibot organlari, balki «Vagner»dagi sobiq quroldoshlari ham qidirmoqda.
Avvalroq Medvedev «Vagner»ning harbiy harakatlar chog‘ida buyruqlarni bajarishdan bosh tortgan yollanma jangchilari safdoshlari tomonidan sudsiz qatl qilinganiga guvoh bo‘lgani haqida aytgandi.
U xalqaro sudda guvohlik ko‘rsatmasi berishga tayyorligini aytgan.















