Shavkat Mirziyoyev 2019 yilda 14 ta hududda prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida qaror imzolagan edi. Toshkentdagi Prezident maktabi shaharning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan.

Hozir bu maktabda 165 nafar o‘quvchi Kembrij ta’lim dasturi asosida tabiiy va aniq fanlar, muhandislik, axborot texnologiyalarini o‘rganmoqda. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi. Maktabga kirish uchun talabgorlar 4-sinfni bitirgan bo‘lishi va 2 bosqichli imtihondan o‘tishi lozim.

“Birinchi bosqich imtihoni matematika fanidan, ikkinchisi esa ingliz tili va mantiqiy fikrlashdan bo‘ladi. Undan muvaffaqiyatli o‘tganlar esa maktab o‘quvchisi sifatida qabul qilinadi hamda ular davlat tomonidan 5 mahal bepul ovqatlanish, darsliklar va yotoqxona bilan ta’minlanadi. O‘quvchilarning kunlik tartibi ertalabki soat 8 yarimdagi darslar bilan boshlanib, darsdan keyingi turli to‘garak, tadbirlar bilan kechki 22gacha davom etadi.

Yotoqxonalar 5 kunlik rejimda ishlagani uchun bu vaqt davomida o‘quvchilar tibbiy xizmatdan ham foydalanishi mumkin”, – deydi maktab direktori o‘rinbosari Ma’mura Tojiboyeva.

Direktor o‘rinbosari prezident maktablarida ko‘proq boy yoki amaldorlarning farzandlari o‘qishi haqidagi gaplar haqiqatdan yiroqligini aytdi.

“Maktabga kelganlarning barchasi ko‘rishi mumkin, imtihonlardan saralab olinadigan 24 nafar o‘quvchiimizning har biri iqtidorli, hech birining bilimiga shubhamiz yo‘q, ular haqiqatan to‘g‘ri tanlanganini barcha e’tirof etadi.

Bundan tashqari, maktabimizda ijtimoiy kelib chiqishi turlicha bo‘lgan oila farzandlari ham bor – noto‘liq oilalar, pedagog va dehqonlar oilasi hamda ziyoli oila farzandlari ham o‘qiydi. Ta’lim muassasamizga maktabda yaxshi o‘qigan, iqtidorli bolalar saralab olingan.

Ota-onasining kelib-chiqishi, mansabi yoki moliyaviy holatining bu yerdagi o‘quvchilarga ta’siri yo‘q. Ya’ni adolatli tizimda imtihon qilingan”.

Haqiqatan ham maktabda oddiy oilalarning farzandlari ham bor. Opa-uka Begoyim va Behzod Pardaboyevlar Toshkent viloyati Bekobod tumanida tug‘ilgan. “Biz yoshligimizdan aniq fanlarni, ayniqsa, matematika va fizikani chuqur o‘rganganmiz, bunga otamiz sababchi bo‘lgan”, – deydi Begoyim.