Chorshanba kuni AQSh prezidenti Varshavada NATOning sharqiy chegaralari bo‘ylab joylashgan «Buxarest to‘qqizligi» davlatlari yetakchilari bilan uchrashdi.

Hafta boshida Bayden Kiyevga kelgan, bu yerdan Polshaga qaytgan va seshanba kuni kechqurun ushbu mamlakatdagi demokratiyani himoya qilish haqida nutq so‘zlagandi.
Sharqiy ittifoqchilar bilan uchrashuv chog‘ida Bayden nafaqat ukrainlar ozodligi, balki «butun Yevropa va butun dunyodagi demokratiya erkinligi» ham Ukrainadagi urush natijasiga bog‘liqligini ma’lum qildi.
Vashingtonning ittifoqchilar oldidagi majburiyatlarini prezident Bayden muqaddas burch deb atadi.
«Biz NATO hududining har bir dyuymini himoya qilamiz», dedi u.
Prezident shuningdek AQSh o‘z mustaqilligini himoya qilayotgan ukrainlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga yana bir bor va’da berdi.
«O‘rtaga faqat Ukraina emas, balki erkinlik ham tikilgan», dedi u.
Bayden Vladimir Putinning Rossiya ikki mamlakatdagi yadro arsenalini cheklashga qaratilgan Strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha kelishuvdagi ishtirokini to‘xtatishi qarorini xatolik deb atadi, ammo bu borada qo‘shimcha gap aytmadi.
Alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg esa AQSh prezidentining shu kunlarda Kiyevga amalga oshirgan tashrifini Yevropa xavfsizligi - Vashingtonning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani haqida aniq signal deb atadi.
Alyans rahbari prezident Putin tinchlikka emas, balki yangi urushga tayyorlanayotgani, shu tufayli Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
«Biz urush qachon yakunlanishini bilmaymiz, ammo u yakunlanganida biz bu tarix takrorlanmasligiga amin bo‘lishimiz zarur», degan u va Rossiyaning Yevropa xavfsizligini «buzishda davom etishi»ga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini qo‘shimcha qildi.
«Ukrainaga qurol beraylik»
«Buxarest to‘qqizligi»ning aksar a’zolari - Ukrainani harbiy tomondan qo‘llab-quvvatlashning ashaddiy tarafdorlari bo‘lib, Kiyevga harbiy yordam ko‘lamini oshirish, jumladan Ukraina qurolli kuchlariga zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishga chaqirmoqda.
Uchrashuvda Bayden Vashington sharqiy ittifoqchilari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlariga sodiqligini yana bir bor ta’kidladi hamda ular bilan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasini muhokama qildi.















