«Ular chegaraga kelib, to‘xtaydi deb o‘ylagandim». Ukrainalik chegarachi bosqin kunini qanday eslaydi?
Ukrainalik chegarachilardan biri jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya bosqinining ilk kunidagi voqealar rivojini xotirladi.
2022 yil 24 fevral kuni Moskva vaqti bilan soat 5:30 atrofida Rossiya telekanallari efirida RF prezidenti Vladimir Putin chiqish qilib, «maxsus harbiy amaliyot» boshlangani haqida e’lon qiladi. Ammo bu bayonotdan oldinroq Rossiya armiyasi qismlari Ukrainaga bostirib kirishni boshlab yuborgandi. Ukrainalik chegarachi Ondriy Lernatovich Rossiya qo‘shinlari bilan birinchi bo‘lib to‘qnashganlardan bo‘lgandi. U Ukrainadagi «Babel» nashriga Luhansk oblastining Rossiya bilan chegara hududidagi xizmati va Rossiya bosqinining ilk kunlari haqida hikoya qilib berdi.
Bosqindan bir yil oldin
2021 yili 33 yoshda bo‘lgan Ondriy Lernatovich Luhansk oblastidagi Melovoye posyolkasida chegara xizmati bo‘limiga rahbarlik qilardi, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi chegara ushbu qishloq ko‘chalaridan biridan o‘tadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu joy xizmat o‘tash eng qiyin nuqtalardan biri ekanini tushungan, ammo shunga rozi bo‘lgan.
2021 yili Lernatovich amalda o‘z xizmat xonasida yashagan. «Divanda uxlardim. Ertalab soat olti yarimda vaziyat haqida rahbariyatga hisobot berardim. Bir necha kungacha uxlamaslikka to‘g‘ri kelgan vaqtlar ham bo‘lgan», — deya hikoya qiladi chegarachi.
Lernatovich javobgar bo‘lgan hudud Rossiya bilan chegaraning yuz kilometrlik qismini qamrab olardi, mahalliy aholi bu hududni «zelenka» deb ataydi — bu hudud chegara ustunlari o‘rnatilgan dasht va o‘rmonzorlardan iborat bo‘lib, «Melovoye» nazorat-o‘tkazish punkti Ukrainaning Melovoye va Rossiyaning Chertkovo posyolkalarini ajratib turuvchi Xalqlar do‘stligi ko‘chasida joylashgan. 2014 yilga qadar bu posyolkalar bitta aholi yashash manzili sanalardi.
Bosqindan bir hafta oldin
2022 yil fevralida, Lernatovichning hikoya qilishicha, mahalliy aholi ukrain chegarachilariga doimiy ravishda rossiyaliklarning harbiy manyovrlari haqida ma’lumot yetkazib turgan. O‘shanda Chertkovo posyolkasida rossiyalik chegarachilar soni ikki barobar oshib ketadi. Lernatovichning aytishicha, ular zirhli nimchalarda va kaskalarda, odatdagidan boshqacharoq qurollar ko‘tarib yura boshlagan.
«Xalqlar do‘stligi [ko‘chasi]ga ruslarning [kuniga] uchta emas, yettita naryadi chiqa boshladi. Avvallari biz rossiyalik barcha chegarachilarni yuzidan tanirdik. Endi esa men biror kishini tanimadim», — deya eslaydi Lernatovich.
22 fevral kuni Chertkovoni politsiya, prokuratura va Rossiyaning boshqa davlat tuzilmalari tark etadi. Shundan keyin Lernatovich va boshqa ukrain chegarachilari zirhli nimchasini yechishmaydi.
Bosqindan bir kun oldin
23 fevral kuni rossiyalik chegarachilar ukrainaliklarni Rossiyaga juda imillab o‘tkaza boshlaydi. Kechga kelib nazorat-o‘tkazish punktida o‘nlab mashinalardan iborat navbat yuzaga keladi. Soat 22:00 dan keyin chegarachilar odamlarni umuman o‘tkazmay qo‘yishadi. O‘shanda ortga qaytarilganlarga rossiyaliklar yana bir hafta davomida ukrainlarni chegaradan o‘tkazmasligini aytishadi.
Yarim tunda Lernatovich ukrain bojxonachilari narsalarini yig‘ishtirishga tushganini payqab qoladi.
«Bu nimasi? Bu qanaqa vaziyat?» — deya so‘rayman ulardan. Ular esa: «Ha, hammasi joyida». Men esa, ular hujjatlarni, kompyuterlarni olib ketayotganini ko‘rib turardim.
Bosqin tuni
Mahalliy vaqt bilan soat 01:30 da Melovoyeda chegaraga Rossiya texnikalari kolonnasi yaqinlashayotganini eshitishadi.
«Shunday shovqin-suron ko‘tarildiki, men Lisichanskdagi komandirga sim qoqdim. Unga bu yerdagi ovozni qo‘yib berdim va u ular kelayotganini eshitdi. Men vaziyat murakkab ekanini tushunib turardim, ammo urush bo‘lishi haqida o‘ylamasdim. Ular shunchaki chegaraga kelishadi va to‘xtashadi, bu [Volodimir] Zelenskiyga bosim qilish va bizni provokatsiya qilish uchun deb o‘ylardim», — deya xotirlaydi Lernatovich.
Soat 03:35 (Moskva vaqti bo‘yicha 4:35) Lernatovichga chegarada yana bir qishloq Zorinovka qishlog‘idagi chegarachi qo‘ng‘iroq qiladi. Bu yerga rossiyaliklarning diversiya guruhi kirib kelgandi.
Lernatovich darhol Zorinovkaga yo‘l oladi, u yerda unga o‘sha kuni olti nafar chegarachi navbatchilikka chiqqanini aytishadi. Ular teplovizorda Rossiya tomondan tish-tirnog‘igacha qurollangan sakkiz kishi kirib kelayotganini ko‘rishadi. Naryad boshlig‘i Denis Tkach chekinishga buyruq beradi. Rossiyaliklar o‘t ochishadi, Denis Tkach voqea joyida jon beradi.
Soat 4:05 da (Moskva vaqti bilan 5:05) Lernatovichga Melovoyedan qo‘ng‘iroq bo‘ladi – rossiyaliklar «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan chegara bo‘limi va politsiya mahkamasini o‘qqa tutishgandi.
«Men rahbariyatga xabar berdim, bizga zudlik bilan Melovoyeni tashlab, Belovodskka ko‘chish haqida buyruq bo‘ldi», — deya hikoya qiladi Lernatovich. Uning izoh berishicha, chegarachilarda hujum ro‘y bergan taqdirda qanday himoyalanish bo‘yicha reja bo‘lgan, unga ko‘ra Belovodsk mudofaa tashkil qilinadigan ilk pozitsiya bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Ular tezlik bilan Melovoyeni tark etishadi. Bir soat ichida Rossiya texnikalari kolonnasi posyolkaga kiradi.
Taxminan ertalabki soat 5 larda chegarachilar Belovodskdagi chegara xizmati bo‘limiga to‘planadi. Bu yerga jami 150 nafarga yaqin chegarachi kelgandi. O‘shanda Lernatovich uning bo‘linmasidagi to‘rt kishi baribir Melovoyeda qolganini payqaydi. «Men darhol barchasini tushundim», — deydi Lernatovich. Uning aytishicha, bu to‘rt kishi Melovoyeda yashovchilar bo‘lgan va mahalliy aholining aksar vakillari qatori tez-tez «Rossiya va Ukraina — birodar xalqlar» ekanini aytib yurishgan.
Lernatovichning hikoya qilishicha, yig‘ilgan chegarachilarda faqat to‘pponchalar, avtomatlar, pulemyotlar, 20 dona atrofida qo‘lda olib yuriluvchi tankka qarshi granatomyotlar va ular uchun o‘q-dorilar bo‘lgan. Shunga qaramay, ular Belovodskda mudofaalanishga qaror qilishgan.
Ertalabki soat yetti atrofida Novopskovdagi chegarachilar Melovoyedan Belovodskka olib keluvchi ko‘prikni portlatib yuborishgan. Keyingi bir necha soatni Lernatovich rossiyaliklar hujum qilib kelishini kutib o‘tkazgan. Bu hujum ro‘y bermagan, keyin ma’lum bo‘lishicha, ko‘prik portlatilganini ko‘rgan rossiyaliklar ortga qaytgan va qo‘shni Markovka posyolkasiga kirishgan. Bu vaqtga kelib ukrain chegarachilari Starobelskka chekinish haqida buyruq olgan. Keyinroq Lernatovich o‘shanda Markovkaga 50 tankdan iborat kolonna kelganidan xabar topadi.
Starobelskka ko‘chib o‘tish jarayonida yana bir necha chegarachi ular bilan yurishdan bosh tortadi. Kimdir shunchaki yashirinadi, yana kimdir to‘g‘ridan to‘g‘ri ulardan ajralib, uyiga qaytadi. «Ayrimlarni olib ketish uchun ota va onalari kelishdi. Buni qanday istasangiz, shunday tushuning, ammo shunday bo‘lgandi», — deydi u.
Starobelskda chegarachilar harbiy komissariat binosida yig‘iladi. Bu yerga kelish to‘g‘risida faqat ular emas, politsiyachilar, boshqa kuchishlatar tuzilmalar vakillari hamda harbiylar ham buyruq olishgandi. 25 fevral kuni chegarachilar Dniproga olib ketiladi.
Keyingi bir necha oy mobaynida Lernatovich Donetsk oblastida jang qiladi. Kramatorsk, Svyatogorsk, Limanda bo‘ladi. Iyun oyida u zarba ostida qoladi va kontuziyaga uchraydi. Hospitaldan javob berilgach, Lernatovichni Karpatortiga o‘tkazishadi, bu yerda u Ukraina va Slovakiya chegarasining yetti kilometrlik qismiga mas’ul bo‘lgan bo‘linmada xizmat qila boshlaydi.
24 fevral voqealarini eslar ekan, Lernatovich yagona to‘g‘ri qaror bo‘lganini aytadi, chunki chegarachilarda tanklarga qarshi turish uchun qurollar bo‘lmagan. U afsuslanadigan yagona narsa shuki, chegarachilar Rossiya kolonnasi harakatini sekinlashtirish va mahalliy aholiga evakuatsiya uchun yana bir necha soat yutib berish uchun Melovoye markazidagi o‘tkazish punktidan olib o‘tuvchi yo‘lni yuk mashinalari bilan to‘sib qo‘yishmagan.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024