14:09 / 03.03.2023
9075
Reklama

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda tajribamiz bor” – Namangan davlat universiteti prorektori

Namangan davlat universitetida ilmiy izlanishdagi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida har bir talabaning ijtimoiy holati individual o‘rganiladi.

Foto: Namangan davlat universiteti prorektori

Joriy o‘quv yilida universitetda 28472 nafar talaba tahsil olmoqda. Biz har bir talabaning, u oliy o‘quv yurtiga o‘qishga qabul qilingan ilk kundan boshlab, oilaviy sharoiti, ijtimoiy ahvoli, muammolari bilan yaqindan tanishamiz va shu o‘rganishlardan kelib chiqib, talabalarni toifalarga bo‘lib olamiz. Bundan ijtimoiy yordamni, qo‘llab-quvvatlashni eng muhtoj talabalardan boshlash maqsadi nazarda tutilgan.

Talabalarni qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish yuzasidan Namangan davlat universitetining o‘z tajribasi bor. Mazkur yo‘nalishdagi puxta chora-tadbirlar muayyan natijani bermoqda.

Jumladan, joriy o‘quv yilida 3507 nafar talabaga “Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 1,8 mlrd so‘m miqdoridagi moddiy rag‘batlantirish pullari to‘lab berildi. Ijara xonadonlarida yashovchi 6861 nafar talabaning 1 mlrd 38 mln so‘m miqdoridagi ijara pullari ham qoplab berildi. 13 nafar yetim va ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar uchun o‘quv, ilmiy va badiiy kitoblar xarid qilish xarajatlari uchun 17 mln 550 ming so‘m subsidiya ajratildi.

O‘tgan o‘quv yilida universitet tomonidan 41 nafar boquvchisini yo‘qotgan talaba qizlarning 273 mln so‘m miqdoridagi kontrakt pullari qoplab berilgan bo‘lsa, universitet tavsiyasi asosida viloyat hokimligi tomonidan 42 nafar boquvchisini yo‘qotgan talaba-qizlarning ham 270 mln so‘m miqdoridagi kontrakt pullari to‘lab berildi. Bu qancha-qancha ota-onalar, talabalar va ularning yaqinlari qalbiga quvonch bag‘ishlaganini tasavvur qilish qiyin emas.

Joriy 2022/2023 o‘quv yilida esa viloyat hokimligi tomonidan 97 nafar boquvchisini yo‘qotgan talaba qizlarning 665 mln so‘m miqdoridagi kontrakt pullari, 83 nafar talabalarning 278 mln so‘m miqdordagi kontrakt pullari rahbariyat tomonidan homiylarni jalb etish orqali to‘lab berildi. 7 nafar “Temir daftar”ga kirgan oilalarning farzandlari bo‘lgan talabalarning esa 48 mln so‘m miqdoridagi kontrakt puli qoplab berildi.

Talabaning moddiy imkoniyati yetarli bo‘lsagina, u butun e’tiborini ta’lim olishga qaratadi. O‘z navbatida, talabaning o‘z sohasi bo‘yicha ishlashi uning hozirdanoq kasbiy malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lishiga zamin yaratadi. Ayni shu maqsadda 2022/2023 o‘quv yilida talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan bo‘sh ish o‘rinlariga 409 nafar talaba ishga joylashtirildi.

Jumladan, 133 nafar magistratura talabalariga o‘rnatilgan tartibda mutaxassisligi bo‘yicha, 116 nafar talaba boshqaruv va o‘quv sohasiga yordamchi xodimlar sifatida, 32 nafar “Karera markazi”ga, 16 nafar “Kovorking markazi”ga, 20 nafar “NamDU INNOVATION” mebel sexiga, joriy yilning noyabr oyida esa 62 nafar magistratura bosqichi talabalari, 30 nafar talaba boshqaruv va o‘quv sohasiga yordamchi xodimlar sifatida ishga qabul qilindi.

Bundan tashqari, universitetda talabalar bandligini ta’minlash maqsadida “Yosh ekopatrul”, “Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibotchisi”, “Qalqon”, “Yosh dizaynerlar”, “Mobil chevarlar guruhi”, “Ko‘ngillilar” o‘zini o‘zi boshqarish organi, “NamDU FM” (www.namdufm.uz) onlayn radiosi va ovoz yozish studiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham oliy ta’lim muassasalari orasidagi ilk tashabbus hisoblanadi.

Universitetning 1-o‘quv binosida yangi, zamonaviy “Axborot-resurs markazi” tashkil etilishi natijasida markazda talabalar uchun ajratilgan o‘rinlar soni 400 tadan 1400 taga ko‘paydi. Markazda talabalar o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan tanishishdan tashqari, QR-kod tizimi orqali ham adabiyotlarning elektron nusxasi bilan tanishish imkoniyatiga ham ega.

Jamoatchilik boshqaruvi, iqtidorli va tashabbuskor lider talaba-yoshlarning universitet boshqaruv tizimida ishtirok etishini ta’minlash maqsadida universitet rektori tomonidan jamoatchilik asosida “Talaba-rektor”, “Talaba-dekan” lavozimlari joriy qilindi. Ushbu yosh rahbarlar tomonidan bugungi kunga qadar talabalarning universitet ichki tartib-qoidalariga bo‘ysunishlari, o‘quv jarayonlaridagi ishtiroklarini ta’minlash, ular tomonidan berilgan taklif va tashabbuslarni rahbariyatga bevosita yetkazish va o‘rnida hal etish kabi ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Narimon Dehqonov,

NamDU birinchi prorektori, siyosiy fanlar doktori

Reklama

Mavzuga oid
Top