Jahon | 10:52 / 20.03.2023
3328
2 daqiqa o‘qiladi

Chernogoriya prezidenti 2-turda saylanadigan bo‘ldi

Monitoring markazi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda amaldagi prezident Milo Jukanovich yetakchilik qilmoqda, biroq hech bir nomzod 50 foizdan ko‘proq ovoz ololmagan.

Milo Jukanovich / Foto: Reuters

Chernogoriyadagi prezidentlik saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, g‘olib ikkinchi turda aniqlanadi, unda katta ehtimol bilan amaldagi prezident Milo Jukanovich va sobiq iqtisodiyot vaziri Yakov Milatovich ishtirok etadi. Bu haqda 19 mart, yakshanba kuni Monitoring markazi (CeMI) ma’lumotlariga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.

CeMI ma’lumotlariga ko‘ra, 41,2 foiz ovoz qayta ishlangandan so‘ng, Jukanovich 36,3 foiz, Milatovich 26,5 foiz, «Serbiya kelajagi uchun koalitsiya» nomzodi Andrey Mandich 20,5 foiz ovoz to‘plashmoqda. Prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi 2 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. U Chernogoriya 2006 yilda mustaqillikka erishganidan beri birinchi marta o‘tkaziladi.

Chernogoriyadagi saylovlar 2020 yil avgust oyida o‘tgan parlament saylovlarida Chernogoriya uzoq yillik yetakchisi Jukanovichning Sotsialistlar demokratik partiyasi (DPS) mag‘lubiyatga uchraganidan keyin boshlangan jiddiy siyosiy beqarorlik sharoitida o‘tkazilmoqda.

16 mart kuni Jukanovich Chernogoriya parlamentini tarqatib yubordi, sababi g‘alaba qozongan serbparast partiyalar mamlakat bosh vaziri lavozimiga nomzod bo‘yicha kelisha olmadi. Amaldagi prezident muddatidan oldingi parlament saylovlarini 11 iyunga belgilagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid