Farg‘onalik Dostonbek Siddiqov ota-onasi izidan borib o‘qituvchilik kasbini tanlagan. 5 yildan beri Vetnamda yashaydigan yigit ingliz tilidan dars beradi, u oyiga o‘rtacha 4 ming dollar daromad qiladi. Bu davlat uning o‘qituvchi sifatida qarashlarini butunlay o‘zgartirgan. Avvaliga begona yurtda maktablardan ish topolmagach faoliyatini bog‘chadan boshlagan o‘zbek yigiti vaqt o‘tib u yerda «yil o‘qituvchisi» sifatida e’tirof etilgan. O‘qituvchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Vetnamga qanday borib qolgani, erishgan yutuqlari va davlat ta’lim tizimidagi o‘ziga xosliklar haqida so‘zlab berdi.

— Tanlovingiz nega aynan Vetnam bo‘lgan? U yerda ish boshlashingiz qanday kechgan?

— Bu yerga kelib qolishim mutlaqo tasodif. Aynan Vetnamda ishlash niyatim bo‘lmagan. Bungacha men Xitoyda ishlab yurganman. Orada vizamni yangilash uchun boshqa davlatga chiqishim kerak bo‘lib qoldi, shunda Vetnamga kelganman. Bu yerdagi o‘zimiznikiga o‘xshash madaniyatni ko‘rganimdan keyin shu yerda qolishga qaror qilganman. Bundan tashqari, Tailand, Malayziya, Kambodja kabi mamlakatlarda ham ishladim. Bular bilan solishtirganimda, ko‘proq Vetnam ma’qul kelgan.

Birinchi kelganimda hamma narsa men uchun yangi bo‘lgani sabab, moslashgungacha bo‘lgan davrda ish topishim biroz qiyin bo‘lgan. Chunki Vetnamda sizga to‘g‘ridan to‘g‘ri ish berisha olmaydi, oldin ochiq dars o‘tib berishingiz kerak bo‘ladi. Yangi o‘quvchilar, yangi atmosfera bo‘lgani uchun dars o‘tishda biroz qiynalganman boshida. Shuning uchun bu yerdagi faoliyatimni bog‘chadan boshlashga majbur bo‘lganman. O‘zbekistonda akademik litsey o‘quvchilariga dars berganim uchun bog‘chada ba’zi narsalar qiynagan meni, ya’ni darslarim jiddiyroq bo‘lib qolavergan. Boshida bog‘cha talablariga ko‘nikishim qiyin bo‘lgan. Keyinchalik boshqalarni kuzatib, kerak bo‘lsa bolalar bilan birga raqsga tushish, ularni o‘yinlar bilan o‘qitish kerakligini, muhimligini tushunganman.

— Vetnam ta’lim tizimida nimaga ko‘proq e’tibor berishadi?

— Vetnam bilan qiyoslansa, bizda endi-endi ta’limga e’tibor qaratilayotgandek tuyuladi. Bu yerda ta’limdagi islohotlar ancha oldin boshlangan. Bir paytlar savodsizlik avj olgan davlat bo‘lgan. Keyin savodsizlik dushmandan ham yomon, najot ta’limda, deb ta’lim rivojiga harakat qilishgan. 2000 yildan boshlab jarayon yanada tezlashgan. Ya’ni shu yildan boshlab xorijlik mutaxassislar ham dars o‘tishni boshlagan. Hozir eng chekka hududlarda ham chet ellik ekspertlar dars o‘tishadi.