Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonining xususiyatlari, shuningdek, universitetlarning jamiyat va iqtisodiyotdagi ahamiyati jadal o‘zgarib bormoqda. Butun dunyoda universitetlar talabalar, o‘qituvchilar va moliyaviy mablag‘larni jalb qilishda bir-biri bilan raqobatlashmoqda. Bunday raqobatda zamon bilan hamnafas va yangi raqamli imkoniyatlardan foydalanuvchi oliy o‘quv yurtlari boshqalarga nisbatan ustunlikka ega bo‘lib bormoqda.

Raqamlashtirish ta’lim va boshqaruv uchun yangi imkoniyatlar yaratib, ma’lumotlar yig‘ish va tahlil qilish, o‘zaro hamkorlik va muloqot qilishni osonlashtirdi. Raqamlashtirishning afzalliklari samaradorlikni oshirish, talabalar faolligini oshirish, shaxsga qaratilgan ta’lim va yangi o‘qitish usullaridan foydalanishni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, raqamlashtirish universitetlarni, o‘quv dasturlarini, professor-o‘qituvchilarni, xodimlarni va resurslarni boshqarishni osonlashtiradi.

Raqamlashtirishning asosiy afzalliklaridan biri bu talabalarning faolligini oshirish imkoniyatlaridir. Onlayn ta’lim platformalari, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalar kabi raqamli vositalardan foydalangan holda universitetlar o‘quvchilarni motivatsiya va yo‘lda ushlab turadigan interaktiv hamda qiziqarli ta’lim tajribalarini yaratishi mumkin. Shuningdek, raqamlashtirish universitetlarga o‘yin va virtual haqiqat kabi yangi o‘qitish usullaridan foydalanish imkonini beradi. Bu usullardan talabalarga murakkab tushunchalar va nazariyalarni tushunishni osonlashtiradigan interaktiv ta’lim tajribasini yaratish uchun foydalanish mumkin.

Talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini oshirish, ularda zarur kompetensiyalarni shakllantirish orqali ishga joylashish ko‘rsatkichlarini ko‘paytirish hamda turli vositalar orqali ma’lumotlarni yetkazish va tushuntirish usullarini qo‘llagan universitetlar nufuzi oshishi hamda ularda mazkur imkoniyatlar orqali qo‘shimcha foyda olishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi orqali boshqalarga nisabatan ustunlik shakllanadi.

Mazkur yo‘nalishda Toshkent davlat yuridik universitetida ham bir qator yutuqlarga erishilganlikni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Xususan, mamlakatimiz prezidentining 2020 yil 29 aprelda “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida yuridik ta’lim va fanni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanib, ular qatorida «Elektron universitet» (E-University) tizimini joriy etgan holda ochiq, shaffof, sub’yektivlik va suiiste’molchiliklardan xoli bo‘lgan ta’lim muhitini yaratish vazifasi ko‘rsatilgan. Shunga asosan, Toshkent davlat yuridik universitetida tizimli ishlar amalga oshirilib, bir qator elektron tizimlar ishlab chiqildi va joriy etildi. Jumladan, talabalar uchun har qanday masala yuzasidan elektron murojaat qilish imkoniyati yaratildi hamda yagona darcha tamoyili asosida faoliyat yurituvchi maxsus Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi joriy etildi, bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari hamda ilmiy rahbarlarni tanlash elektron tizimi yaratildi, to‘lov-shartnomasini elektoron ravishda olish hamda to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni onlayn nazorat qilib borish mexanizmi ishga tushirildi.