Phantom Corsair’ning yaratilishi o‘ziga xos tarixga ega. Uning yaratuvchisi Rast Hayns esa hech qachon tartibli shaxs bo‘lmagan. Ishlarini xohishlaridan kelib chiqib bajargan. Xususan, u 22 yoshida nufuzli Yyel universitetidagi o‘qishini tashlab ketadi va uyiga qaytadi. 

 

Oilasining kutilmalaridan farqli o‘laroq, Rast ketchup va mayonez ishlab chiqarishga umuman qiziqish bildirmaydi. Yigit dizayn bilan shug‘ullanishni boshlaydi. Rast o‘ziga Cord 810/812 avtomobilini sotib oladi va uni qandaydir o‘zgacha ko‘rinishga keltirishni istaydi.

Boy oilaning mehnatdan yiroq merosxo‘ri bu jarayonga shu darajada qiziqib qoladiki, ko‘p vaqtini kitoblar va chizmalar bilan o‘tkazishni boshlaydi. Bu izlanishlar ko‘p o‘tmay uning qo‘lida Amerika avtomobil sanoatiga butkul notanish bo‘lgan o‘ziga xos loyiha sifatida namoyon bo‘ladi.

Rast orzusidagi avtomobil dunyoga kelishini amalga oshirish uchun Pasadina shahridagi (Kaliforniya shtati) kuzov atelesi — Bohman&Schwartz’ga murojaat qiladi. Bir nechta sinovlar o‘tkaziladi, xatolar qilinadi. Shundan so‘ng fastbek ko‘rinishidagi to‘liq alyuminli kuzov tayyor bo‘ladi. Avtomobil optimal tezlik xususiyatlariga ega bo‘lishi uchun kuzov aerodinamik sinovlardan o‘tkaziladi.

Sinov natijalaridan kelib chiqib, so‘nggi muhim o‘zgarishlardan biri kiritiladi. Suyrilikni oshirish uchun old g‘ildiraklarni yashirishga qaror qilishadi. Kuzov to‘liq qo‘lda yaratilgan, old va orqa chiroqlar ham maxsus buyurtma bilan yasatiladi. Xrom bilan qoplangan bamperlar kuzovga o‘zgacha yechim bilan o‘rnatiladi — ular innovatsion teleskopik moslamaga mahkamlanadi.

Avtomobil saloni prototipiga 6 kishi joylashishi mumkin edi. Oldi qatorga 2 kishi, ortki o‘rindiqqa esa 4 kishi. Limuzinning eshiklari elektron qulflar bilan jihozlanadi — bir marta bosish bilan eshiklarni avtomat ochish mumkin bo‘ladi. Oynalarga biroz yashil tus beriladi.