Sverdlovsk oblasti

Regional rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, 8 may holatiga regionda 54 157 gektar o‘rmon yong‘in ichida qolgan — hududda 64 o‘chog‘i saqlanib qolmoqda, shundan faqat 16 tasida vaziyat nazoratga olingan. Tunda yong‘inlar maydoni 21 ming gektarga ortgan. Nazoratga olingan eng yirik yong‘in o‘chog‘i — Gornouralskiy shahar okrugida bo‘lib, uning maydoni 700 gektarni tashkil etadi. E1.ru va 66.ru manbalari lokallashmagan yirik yong‘in o‘choqlari ro‘yxatini keltirgan:

  • Asbest — 6500 gektarni qamrab olgan uchta yong‘in o‘chog‘i;
  • Rej — 6260 gektarni qamrab olgan ikkita yong‘in o‘chog‘i;
  • Tugulim — 5278 gektarni qamrab olgan uchta yong‘in o‘chog‘i;
  • Verxnyaya Pishma — 4000 gektar maydondagi yong‘inlar;
  • Baykalovskiy rayoni — 3344 gektar maydondagi bitta yong‘in o‘chog‘i;
  • Irbitskiy rayoni — 3844 gektar maydondagi ikkita yong‘in o‘chog‘i.

Yong‘inni o‘chirish ishlariga qariyb besh ming mutaxassislar va bir necha ming ko‘ngillilar jalb etilgan. 66.ru nashri yozishicha, so‘nggi ikki kunda tabiiy ofat hududidan 1241 kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. 

7 may kuni kechqurun YHXBB yong‘inlar tufayli Yekaterinburg — Kurgan trassasi yopib qo‘yilgani haqida xabar berdi.

E1.ru Verxoturka qishlog‘ida olingan videoni e’lon qilgan. Bu qishloqda yashovchi oila ularning uyiga yong‘in yaqinlashayotganidan xabar topgach, uydan hujjatlarni olish uchun qaytib borgan. U yerda esa ular uylardan faqat kultepalar qolgani ustidan chiqishgan.

7 may kuni FVVning hududiy boshqarmasi chiqargan press-relizda aytilishicha, oblastda yong‘in bilan bog‘liq vaziyat «barqarorlashmoqda»: «Sredniy Uraldagi yong‘inlarni o‘chirishda barcha ishtirokchilarning yaxshi muvofiqlashtirilgan va mashaqqatli mehnati tufayli yong‘in aholi yashash manzillariga tarqalishi xavfini bartaraf etish mumkin bo‘ldi». 

Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in yuzaga kelishiga olov bilan ehtiyotsizlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, issiq havo va kuchli shamol esa ularning tez tarqalishiga hissa qo‘shgan. 7 may kuni Sverdlovsk oblasti tabiiy resurslar vazirligi Yegorshinsk, Berezovsk va Tugulim o‘rmon xo‘jaliklarida o‘t qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgan. Sverdlovsk gubernatori Yevgeniy Kuyvashevning ma’muriyatiga aloqador «Ne dlya protokola» telegram-kanalida e’lon qilingan hujjatdan ham shunday xulosaga kelish mumkin. Shu bilan birga, Ura.ru nashrining kuchishlatar tuzilmalardagi manbasi qasddan o‘t qo‘yilgani haqidagi versiyaga hech qanday dalil yo‘qligini ma’lum qilgan.