Ukrainaga qarshi hujumga tayyorlanish uchun yana vaqt kerak, Ukraina qurolli kuchlari g‘arbdan va’da qilingan qurollar to‘liq yetib kelishini kutmoqda. Bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy qator xorijiy nashrlar muxbirlari bilan suhbatda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasining NATO harbiylari tomonidan o‘qitilgan jangovar bo‘linmalari to‘liq tayyor holatda, ammo qo‘mondonlik yana bir qancha jo‘natmalar, jumladan, partiyalarga bo‘lingan holda yetkaziladigan zirhli texnikalarni kutmoqda.

«Biz hozir o‘zimizda bor vositalar bilan ham hujum qilishimiz mumkin, ammo bu holatda shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlar ko‘p bo‘lishi mumkin. Bunga esa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuning uchun yana biroz kutish kerak. Bizga yana biroz vaqt kerak», degan u jurnalistlarga.

BBC Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan kechgan suhbatda yana nimalar muhokama qilinganini keltirdi.

Qarshi hujumdan ko‘zda tutilgan natijalar to‘g‘risida

Zelenskiyning fikricha, Rossiya ayni bosqichda vaziyatni muzlatilgan mojaro holatiga o‘tkazishga qarshi emas, ammo Ukraina bunga yo‘l qo‘ya olmaydi, shuning uchun qarshi hujumning muvaffaqiyati o‘ta muhim.

Ukraina qurolli kuchlarining bo‘lajak zarbasi joyi maxfiy tutiladi. Rossiya armiyasi ayni vaqtda 1450 kilometr uzunlikda - sharqda Donetsk va Luhanskdan janubda Xerson va Zaporijjyagacha masofada mudofaa pozitsiyalarini mustahkamlamoqda.

So‘nggi haftalarda Ukraina hukumati jamoatchilikning uzoq kutilgan qarshi hujumga bo‘lgan umidlari darajasini pasaytirishga urinmoqda.

Hukumat vakillari anonimlik sharti asosida qarshi hujum muvaffaqiyati juda muhimligi va bunga erishish mumkinligi, ammo bu deyarli bir yarim yildan buyon davom etayotgan urushdagi hal qiluvchi voqea bo‘lmasligini aytishmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, ekspertlarning katta qismi Kiyev o‘zini kutilganidek ehtiyotkorona tutayotgan bo‘lsa-da, qarshi hujum aslida burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda. Bu yurish ko‘p oylardan buyon o‘zgarishsiz qolayotgan front chizig‘ini o‘zgartirishga qodir.