O‘zbekiston | 18:03 / 20.05.2023
12327
2 daqiqa o‘qiladi

Grant asosida o‘qigan bitiruvchilarning 3 yil ishlab berish majburiyati o‘z kuchini yo‘qotmagan - vazirlik

Oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati hozirgi kunda ham amal qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda grant asosida tahsil olgan OTM bitiruvchilarining majburiy tartibda kamida 3 yil ishlab berishi talabi bekor bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu ma’lumotlar yuzasidan bayonot berdi.

Qayd etilishicha, prezidentning 2005 yil 2 iyundagi qarori 6-bandida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish yuklatilgan.

Mazkur topshiriqqa muvofiq, 2005 yil 7 iyuldagi 58, 154-1, 19 va 02/2658-sonli qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tahsil olib tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berishi majburiyati belgilangan.

Davlat rahbarining 2022 yil 15 iyundagi 279-son qarori bilan prezidentning ayrim qarorlari, jumladan, 2005 yil 2 iyundagi 92-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblandi.

Mazkur qaror ijrosiga ko‘ra ishlab chiqilib, tasdiqlangan Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizom o‘z kuchini yo‘qotmagan.

Vazirlik izohiga ko‘ra, nizomdagi tartiblar yangi huquqiy normalarga zid emas va ushbu nizomni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish bo‘yicha qoida biror-bir normativ hujjatda ko‘zda tutilmagan.

Ya’ni, oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati hozirgi kunda ham amal qiladi.

Mavzuga oid