Saudiya Arabistoni 2027 yilda Osiyo Kubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini allaqachon qo‘lga kiritdi va 2030 yilgi jahon chempionatini Gretsiya va Misr bilan birgalikda o‘tkazishga jiddiy kirishgan. Buning uchun saudiyaliklar, hatto Gretsiya va Misrdagi futbol stadionlari qurilishini ham moliyalashtirishga tayyor. Buning evaziga ular jahon chempionati o‘yinlarining 75 foizini o‘zida o‘tkazishni istamoqda. 

Saudiyalik ishbilarmonlar asta-sekin dunyo yulduzlarini ham mahalliy chempionatga jalb etmoqda. Yanvar oyida «An-Nasr» Krishtianu Ronaldu bilan yiliga 75 million dollarlik shartnoma imzoladi va bu Saudiya Pro-Ligasiga qiziqishni kuchaytirdi. Portugaliyalik yulduzning ko‘chib o‘tishidan oldin ular faqat braziliyalik Luis Gustavo va «Arsenal»ning sobiq darvozaboni David Ospina bilan maqtana olardi. 

Krishtianu Ronaldu (Getty Images) 

«Saudiya ligasi yaxshilanmoqda va kelasi yil yanada yaxshi bo‘ladi. Menimcha, asta-sekin Saudiya chempionati dunyoning kuchli besh ligasiga kiradi, ammo buning uchun vaqt, futbolchilar va infratuzilma kerak. Bu mamlakat ajoyib salohiyatga va odamlarga ega. Liga ajoyib bo‘ladi», dedi Ronaldu Saudiya Arabistonining SSC sport telekanaliga. 

Saudiyaliklar infratuzilma bilan shug‘ullanishga va’da berishdi: Qirollik futbol federatsiyasi Osiyo Kubogi-2027 uchun uchta yangi stadion qurilishini e’lon qildi. Futbolchilar bilan bog‘liq vaziyat esa biroz mushkulroq. 

Futbol tarixidagi eng saxiy taklif 

«Oltin to‘p»ning yetti karra sohibi Lionel Messi joriy mavsumlar oralig‘ida «talash» bo‘lmoqda. Iyun oyi oxirida hujumchining «PSJ» bilan shartnomasi tugaydi va hozirda uchta klub argentinalik futbolchiga jiddiy da’vogarlik qilyapti. 

Lionel Messi (PSG via Getty Images) 

«Barselona» prezidenti Joan Laporta 2021 yilda munosabatlari buzilgan Messini qaytarish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini aytdi. O‘shanda Lionel Kataloniya klubida qolmoqchi bo‘lgan, biroq «Barselona» uni milliard dollarlik qarz va maoshlar chegarasidan oshib ketgani uchun saqlab qola olmadi. 

Bir necha oylar oldin Messi «PSJ»ni tark etgach, Amerikaning «Inter Mayami» klubiga o‘tishi, u yerda AQSh futboli tarixidagi eng boy futbolchiga aylanishi va Devid Bekhem bilan birga klub egasi bo‘lishiga shubha yo‘q edi. Ammo Messiga eng saxovatli taklif Saudiya Arabistonidan keldi.