10:50 / 06.06.2023
11940

Sud qarorlari bo‘yicha ma’muriy jarimalar uchun imtiyoz tizimi ishga tushmagani ma’lum bo‘ldi

Sobiq imom Shavkat Hasan sud qarori bilan jarimaga tortilgach, uni to‘lashda muammoga duch kelgani haqida ijtimoiy tarmoqda post qoldirdi. Kun.uz muxbiri muammo nimada ekani bilan qiziqib ko‘rdi. Ma’lum bo‘lishicha, shu yil 1 maydan amalga kiritilishi lozim bo‘lgan tizim hamon ishlamayapti.

Foto: Shutterstock

Tegishli qonunga muvofiq 2023 yil 1 maydan ma’muriy jarimalarni 15 kun ichida to‘laganlik uchun chegirma miqdori oshirilgandi. Bunda huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini yoki 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi. Mazkur tartib sud qaroriga asosan qo‘llanadigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo oradan 1 oydan ortiq muddat o‘tganiga qaramay, sud qarorlari bo‘yicha ma’muriy jarimalar uchun imtiyoz tizimi hali ishga tushmagani ma’lum bo‘ldi. 

Oldinroq jamoatchilik faoli, sobiq imom Shavkat Hasanga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2-moddasida nazarda tutilgan – diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish ayblovi qo‘yilgani xabar qilingandi. U ushbu harakati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari (6,6 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan. 

Sobiq imom belgilangan jarimani to‘lashda imtiyoz tizimidan foydalanmoqchi bo‘lgani, ammo buning imkoni bo‘lmagani haqida yozdi Ta’kidlashicha, jarimani to‘lash uchun unga kvitansiya berilmagan.

Oila mavzusida chiqaradigan videolarimiz diniy mazmundagi material deb topilib, ularni din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasini olmaganimda aybdor deb topilgandik. Onlayn sud 23 may kuni bo‘lib o‘tdi. Sudya 6 mln so‘mlik jarimaga hukm qildi. Bir necha kundan keyin Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudiga bordik va sud qarorini oldik. Ammo jarima to‘lash uchun kvitansiya berilmadi. Telefon raqam berib, ertangi kun qo‘ng‘iroq qilib so‘rashimiz aytildi.

Ko‘rsatilgan raqamga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildim. Bazada ko‘rinmayapti ekan. Ertaga sud bo‘lganiga 14 kun bo‘ladi. 15 kun ichida to‘lansa 50 foiz chegirma bo‘lishi va 6 mln so‘m o‘rniga 3 mln so‘m bilan jarimani yengillatilgan holatida to‘lashim mumkin edi. Ammo men jarimani shu 15 kun ichida to‘lay olmayapman. Bazada chiqmayapti ekan”, deya ma’lum qilgan Shavkat Hasan.

Sudyalar Oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarovning Toshkent shahar sudi matbuot xizmatiga tayanib Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu IIVning integratsiyasi bilan bog‘liq muammo va u bilan hozirda mutaxassislar shug‘ullanmoqda.

Mavzuga oid
Top