AQSH davlat kotibi Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yigʻilishi ochilishida soʻzlagan nutqida Donald Tramp boshqaruvi davrida AQSH va Oʻzbekiston hamkorligi kengayib borayotgani haqida gapirdi va bunda prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlari muhim boʻlganini eʼtirof etdi.
«Biz ancha oldinroq va kengroq miqyosda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishimiz kerak boʻlgan mintaqalardan biri – Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston edi.
Meni quvontiradigan jihati shundaki, bu vaziyat taxminan 10 yil oldin oʻzgara boshladi va prezident Tramp rahbarligida jarayon sezilarli darajada jadallashdi. Prezident Tramp ushbu munosabatlarga ustuvor ahamiyat qaratdi. U oʻtgan yili Oq uyda sammit oʻtkazish orqali bu yoʻnalish qanchalik muhimligini namoyish etdi. Shuningdek, oʻzi katta ishonch bildiradigan Serjio Gorni Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili etib tayinladi.
Umid qilamanki, mening bugungi tashrifim ham ushbu mintaqa biz uchun qanchalik ustuvor ekanini koʻrsatadi. Bundan ham muhimi, joriy yil oxirida Qoʻshma Shtatlarda boʻlib oʻtadigan G20 yigʻilishiga mintaqaning bir qator davlatlari, jumladan, Oʻzbekiston ham kuzatuvchi sifatida taklif etilmoqda», deydi AQSH davlat kotibi.
U Amerika va mintaqa hamkorligini mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan ishlar davom ettirilishini maʼlum qilgan.
«Hech kimda shubha boʻlmasin. Qoʻshma Shtatlar ushbu mintaqaning ham, Oʻzbekistonning ham hamkori boʻlishni istaydi. Biz allaqachon hamkormiz va bu hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish niyatidamiz.
Bugungi kun – bu yoʻldagi katta qadamdir. Ishonamanki, 5-6 yildan keyin odamlar Amerikaning Oʻzbekiston bilan munosabatlari qanday rivojlanganini tahlil qilganida aynan bugungi oqshomni eslashadi.
Amerika biznesi va prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarini. Ular bugun shu yerda yigʻilgan barchangizni, Qoʻshma Shtatlardan uzoq yoʻl bosib kelgan 200 nafardan ortiq ishbilarmonlarni eslashadi.
Bunga koʻniking. Chunki bu hamkorlik tobora kengayib boradi. Balki bu yerdan kvartira yoki kichikroq uy sotib olishingiz kerak boʻlar. Chunki endi Oʻzbekistonga tez-tez kelishingizga toʻgʻri keladi. Biz bunga umid qilamiz.
Siz amalga oshirgan islohotlaringizsiz bularning imkoni boʻlmasdi, janob prezident. Siz mamlakatingizni dunyoga ochdingiz. Eng muhimi, Qoʻshma Shtatlar va prezident Trampni hamkor sifatida qabul qildingiz. Natijada siz nafaqat oʻz mamlakatingiz, balki butun mintaqa va Qoʻshma Shtatlar uchun ham birgalikda rivojlanish boʻyicha ulkan imkoniyatlar yaratdingiz», degan AQSH davlat kotibi.
















