O‘zbekiston | 12:23 / 14.06.2023
20438
2 daqiqa o‘qiladi

Chilonzordagi portlash oqibatida bir kishi voqea joyida halok bo‘lgan

Hodisa oqibatida bir nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan va 16 kishi turli darajada tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.

Foto: Videodan kadr

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent shahri Chilonzor tumani Astrobod ko‘chasida sodir bo‘lgan portlash yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etdi.

Bugun, 14 iyun kuni soat 09:50 da Toshkent shahar Chilonzor tumani Astrobod ko‘chasida joylashgan mis quvurlari ishlab chiqarish sexining bir qavatli bostirmasi (angar)da texnologik jarayonni buzilishi natijasida portlash hodisasi sodir bo‘lib, yong‘in yuzaga kelgan. 

Qayd etilishicha, hodisa sexning tom qismi konstruksiyalarining qulab tushishi va 50 kvadrat metr maydonda ichki qismi va dastgohlarining yonishiga olib kelgan.

Zudlik bilan voqea joyiga FVV va shahar FVB rahbariyati boshchiligida yong‘in-qutqaruv ekipajlari, shuningdek, prokuratura, IIV, MG, SSB, «Hududgaz» va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan. Hozirda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

FVV xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida 1 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan va 16 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan. Keyinroq ularning 7 nafariga, ahvoli yaxshi bo‘lgani uchun uyga javob berilgan.

Mavzuga oid