Bayram tabrigida aytilishicha, bugungi kunda maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda bilim olayotgan, o‘z shaxsiy ishini ochib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, Qurolli kuchlar saflarida yigitlik burchini sharaf bilan ado etayotgan, ishlab chiqarish, qurilish, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot va san’at, sport sohalariga, zamonaviy IT-texnologiyalari yo‘nalishlariga dadil kirib borayotgan, katta orzu-umidlar bilan yashayotgan 18 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlar – bebaho boylik, oltin zaxiradir.

“Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘laman!”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qo‘shaman!”, degan yuksak maqsadlar farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, ularning hayoti va faoliyati mazmuniga aylanib borayotgani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Navqiron avlodimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, o‘g‘il-qizlarimizning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani va bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

O‘tgan qisqa davrda ushbu yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyamizda yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qo‘yilgani, hech shubhasiz, bu boradagi huquqiy bazani yanada kengaytirish, amaliy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda.

Shu o‘rinda yangi tahrirdagi Asosiy qonunimiz loyihasini muhokama etish va umumxalq referendumi orqali qabul qilishda yoshlarimiz alohida faollik ko‘rsatganini minnatdorlik bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bu esa o‘g‘il-qizlarimizning Vatanimiz taqdiri va kelajagiga yuksak daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgani, mamlakatimizdagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga yangicha ruh va mazmun olib kirayotganidan dalolat beradi.

Ayni paytda bunday faol munosabat butun xalqimiz qatori yoshlarimiz bilan ham doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yib, fikr va istaklarini eshitayotganimiz, barcha dastur va rejalarimizni amalga oshirishda o‘g‘il-qizlarimizni keng jalb etib, ularga ishonch bildirayotganimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, deyiladi tabrikda.

Qayd etilishicha, o‘tgan davrda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi – vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga tashkilotchilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor yigit-qizlar tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratildi. “Yoshlar daftari” tizimi yo‘lga qo‘yilib, so‘nggi ikki yilda 798 ming nafarga yaqin yoshlarga qariyb 1 trillion so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, 53 ming nafar ehtiyojmand oilaga mansub talabaga o‘qish uchun kontrakt pullari to‘lab berildi.