Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Iskandar Mahmudov va uning sheriklari tomonidan asos solingan Ural kon-metallurgiya kompaniyasi (UKMK) 2022 yilgi hisobotini e’lon qildi. Unda kompaniya sobiq O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovni o‘zining benefitsiar egasi sifatida ko‘rsatgan. Bunga Forbes nashri e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, 2022 yil 14 martda UKMK rasmiy saytida kompaniya korporativ tuzilmasidagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot beriladi. Unda Iskandar Mahmudov va Andrey Bakarov (Mahmudovning asosiy biznes hamkori, “Transmashholding” asoschisi) UKMK, “Kuzbassrazrezugol”, “Vostochnyy port”, “Rosterminalugol” AJlarning benefitsiarlari bo‘lishni to‘xtatgani, shuningdek, ushbu kompaniyalarning direktorlar kengashlarini tark etgani xabar qilinadi. Bir oy o‘tgach, Mahmudov va Bokarev Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritiladi.

2022 yilning iyulida Andrey Kozitsin ham UKMK bosh direktori lavozimidan ketadi. Qaror “kelajakdagi personal sanksiyalardan qochish” maqsadida qabul qilingani aytiladi. Bir necha kundan keyin uni Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritadi.

2021 yilgacha Mahmudov, Kozitsin va Bokarev UKMKning 85 foiz ulushdori bo‘lgan, Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Selmareco Limited kompaniyasiga egalik qilgan. O‘z navbatida, UKMK “Kuzbassrazrezugol” ko‘mir kompaniyasining 52,7 foiz ulushi egasi bo‘lgan (2022 yil yakunlariga ko‘ra, mazkur korxona 44 mln tonnadan ortiq ko‘mir qazib olgan va ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiyada 2-o‘rinda qayd etilgan). Mahmudov, Kozitsin va Bokarev boshqa ofshor kompaniyalari orqali “Kuzbassrazrezugol”ning yana 35 foiz ulushiga ham ega bo‘lishadi.

Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan yana bir holding Starlion Limited Rossiya Uzoq Sharqidagi “Vostochnyy port” va Boltiqbo‘yidagi “Rosterminalugol” ko‘mir terminallarini nazorat qilgan. Mahmudov, Kozitsin va Bokarevning ushbu biznesdagi umumiy ulushi taxminan 77 foizni tashkil etgan.

O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha, UKMK bilan bog‘liq asosiy aktivlarning umumiy daromadi 890 mlrd rubl (taxminan 9,6 mlrd dollar), umumiy sof foyda esa 190 mlrd rubl (taxminan 2 mlrd dollar) bo‘lgan. UKMK 2022 yil bo‘yicha bergan hisobotida Komilov Doniyar Abdulazizovichni kompaniyaning benefitsiar egasi sifatida keltirgan.

Doniyor Komilovning kompaniyasi Toshkent markazidagi sobiq MXX binosini 210 mlrd so‘mga xususiylashtirgan. Ayni kunlarda bu bino o‘rnida mehmonxona qurish maqsadida buzilmoqda. / Foto: Kun.uz