«Azovstal» mudofaasiga rahbarlik qilgan besh komandir bir necha oy davomida Turkiyada kuzatuv ostida turganidan so‘ng Ukrainaga qaytarildi.

Harbiylarni vatanga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning o‘zi shaxsan olib qaytdi, u 7 iyul kuni Turkiyaga uchib kelgan va Istanbulda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgandi.

8 iyul kuni kunduzi Zelenskiyning matbuot xizmati e’lon qilgan videoda Turkiya tomoni unga besh nafar harbiyni topshirgani, keyin ular birgalikda prezidentlik samolyotiga chiqib, uchib ketganini ko‘rish mumkin.

«Biz Turkiyadan uyga qaytyapmiz va qahramonlarimizni ham qaytaryapmiz. Ukrain jangchilari Denis Prokopenko, Svyatoslav Palamar, Sergey Volinskiy, Oleg Xomenko, Denis Shlega nihoyat yaqinlari bilan bo‘ladi», — deyiladi ukrainlar prezidentining ijtimoiy tarmoqlariga qo‘yilgan videoga ilovada.

Xabarda nomlari keltirilganlar quyidagilar:

  • Denis Prokopenko, Redis laqabi bilan ma’lum, Rossiya asirligiga tushguniga qadar «Azov» polkiga rahbarlik qilgan.
  • Svyatoslav Palamar (Kalina) «Azov» polki komandiri bo‘lgan.
  • Oleg Xomenko (Apis) komendantlik rotasini boshqargan va bevosita «Azovstal» zavodi mudofaasini boshqargan.
  • Sergey Volinskiy (Volina) 36-alohida dengiz piyodalari brigadasi komandiri vazifasini bajargan.
  • Denis Shlega (boshqa manbalarda — Shleg) Dmitro Vishnevskiy nomidagi 12-brigadaga rahbarlik qilgan.
«Azovstal» mudofaasi komandirlari Volodimir Zelenskiyning samolyotida
Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Komandirlar Lvivdagi matbuot anjumanida frontga qaytishlari haqida ma’lum qilishdi.

«Azovstal» mudofaasi asirlar almashinuvi

Ukraina qurolli kuchlari Mariupoldagi «Azovstal» metallurgiya zavodini Rossiya qo‘shinlaridan 2022 yilning martidan may oyi o‘rtalariga qadar himoya qilgan, kombinat hududida ular bilan birga tinch aholi vakillari ham yashiringandi. May oyining ikkinchi yarmida Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi komandirlarga «shaxsiy tarkib hayotini saqlab qolish» bo‘yicha topshiriq beradi, shundan keyin «Azovstal» mudofaachilari (jami 2,5 ming harbiy) taslim bo‘ladi.