Zelenskiy 19-oktabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qoʻmondonining hisobotiga tayanib, mazkur maʼlumotlarni Telegram’da eʼlon qilgan, deb yozadi DW.
Bu yerda gap internet orqali maʼlumot uzatish tezligi emas, sunʼiy yoʻldosh aloqasi uskunasini olib yurgan vositaning harakat tezligi haqida bormoqda. Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, uzilishlar turli dronlarga, ayniqsa, oʻrta masofali apparatlar va reaktiv uchuvchisiz vositalarni tutib qoluvchi dronlarga taʼsir qilmoqda.
Ukraina prezidenti 17-oktabrda ham shunga oʻxshash muammoni koʻtargan edi. Oʻshanda u aloqadagi cheklovlar Rossiya dronlari hujumlarini qaytarishga xalaqit berayotganini, Kiyev bu masalani AQSH vakillari bilan muhokama qilayotganini bildirgan. Zelenskiyga koʻra, Amerika tomoni cheklovlarni texnik sabablar bilan izohlagan.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio esa 17-oktabrda Vashington Starlink ishini ataylab cheklagani haqidagi daʼvolarni rad etgan.
«Oq uyda hech kim internetni sekinlashtirish yoki maʼlumot uzatish tezligini pasaytirish boʻyicha koʻrsatma bermagan», - degan u. Rubio texnik muammolarning sababi hali aniq emasligini, biroq tizimdan foydalanish imkoniyati tiklanganini aytgan.
Ukraina Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, Starshield’dagi cheklovlar 14-oktabrga oʻtar kechasi paydo boʻlib, dronlar va logistika ishini qiyinlashtirgan. Vazirlik 15-oktabrda tizimning dala sharoitidagi faoliyati tiklanganini bildirgan boʻlsa-da, Zelenskiyning yangi bayonoti yuqori harakat tezligida muammolar saqlanayotganini koʻrsatmoqda.
Cheklovlarni kim joriy qilgani haqidagi xabarlar bir-biriga zid. The Telegraph manbalari bu tashabbusni Ilon Mask ilgari surgani, Donald Tramp qoʻllab-quvvatlaganidan soʻng Pentagon limitlar kiritganini aytgan. Reuters esa oʻz manbalariga tayanib, koʻrsatma Oq uydan berilganini xabar qilgan.
Mask Starshield boʻyicha bunday qarorlarni AQSH harbiylari va yakuniy hisobda mamlakat prezidenti qabul qilishini taʼkidlagan. Tramp esa 16-oktabrda oʻzi bunday koʻrsatma bermaganini va Mask ham bergan deb oʻylamasligini aytgan.
Shu bilan birga, Zelenskiy 19-oktabrda Kiyevda Lockheed Martin vakillari bilan havo mudofaasi uchun tutib qoluvchi vositalar yetkazib berishni koʻpaytirish masalasini muhokama qilganini maʼlum qildi. U kompaniya ballistik nishonlarni tutib qolish vositalari ishlab chiqarishini kengaytirayotgani, Ukraina ularning bir qismini sotib olishni koʻzlayotganini bildirdi.
















