O‘zbekiston | 18:21 / 11.07.2023
25210
2 daqiqa o‘qiladi

«Suvta’minot» rahbari va yana ikki vazir o‘rinbosari ishdan olindi

Iste’folarga investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani sabab bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

«Suvta’minot» rahbari Sohib Saifnazarov, suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Baxtiyor Kamalov va transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov  lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda ushbu amaldorlar «investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani» keltirilgan.

Shuningdek, «O‘zto‘qimachiliksanoati» uyushmasi raisi I.Haydarov, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ raisi B.Jo‘rayev, «O‘zsanoatqurilishbank» raisi S.Annaklichevga hayfsan e’lon qilindi.

Ma’lumot uchun, Sohib Saifnazarov 2001 yildan iqtisodiyot vazirligida turli lavozimlarda ishlagan, 2012-2017 yillarda «Angren» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi DAK direktori bo‘lgan, 2017 yil Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, 2017-2019 yillarda tashqi savdo vaziri o‘rinbosari, 2019 yilda iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan, 2019 yildan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari, «O‘zsuvsanoat» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlayotgandi.

Baxtiyor Kamalov 1979 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, 2000 yilda Toshkent davlat agrar universitetini bakalavr, 2002 yilda magistratura bosqichini, 2009 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan.

U 2008 yildan buyon Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida ishlagan, 2023 yil yanvarida vazir o‘rinbosari lavozimida ish boshlagandi.

Abdusamad Mo‘minov 1975 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1997 yilda Toshkent temiryo‘l transporti muhandislari institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini «O‘zbekiston temiryo‘llari»da boshlagan. Prezident administratsiyasi transport salohiyati, bojxona ma’muriyatchiligi va logistikani rivojlantirish shu’basi mudiri lavozimida ishlagan.

2021 yil martida transport vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid