20 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovga tegishli ekani aytilgan audio tarqalgan, unda soliq tushumlarini bajarmagan mahalla raislari kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilingandi. Taxminlarga ko‘ra, audio 31 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda yozib olingan.
Audioda prokuror Soatmurod Mahmanov Bandixon tumanidagi erkag-u ayol mahalla raislarini birday haqoratlagandi. Xususan, audio davomida uning «Erkakmisan sen ham? Xotinchalish, itdan tarqalgan ekansan-da, bo‘lmasa odamning ishini qilarding-da. Bor, borib itga o‘xshab vovulla ko‘chada», deganini, «O‘lsang, bugun ko‘mar edik», «Itdan tarqaganmisan, odamdan tarqaganmisan?» va boshqa kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kinganini eshitish mumkin.
Shundan so‘ng viloyat prokuraturasi bayonot berib, tarqatilgan audioyozuvlar haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi.

So‘kong‘ich prokurorning audiosi tarqalganiga qariyb bir oy bo‘layotganiga qaramay uning harakatlariga huquqiy baho berilgani, basharti xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lsa, natijalari jamoatchilikka oshkor qilingani yo‘q. Holbuki Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov o‘sha paytda o‘rganish natijalari haqida tez orada ma’lumot berishini aytgandi.
12 iyul kuni «Mushtum» jurnali Telegram-kanalida Bosh prokuraturaga murojaatnoma e’lon qilindi. Unda oradan 20 kundan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa ham Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovga tegishli ekani aytilgan audio yuzasidan prokuratura tomonidan rasmiy munosabat bildirilmagani ta’kidlanib, Bosh prokuraturadan bunga izoh berilishi so‘ralgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Mushtum» jurnali tahririyatiga ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Bandixon tuman prokurorining xatti-harakatlari yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Soatmurod Mahmanovga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan.













