O‘zini Chori Pirimqulov deb tanishtirgan fermerning aytishicha, voqea 2023 yilning 7 iyul kuni sodir bo‘lgan. Fermerning videomurojaati “Mushtum” jurnalining Telegram-kanalida e’lon qilingan.

“Men tuman prokurori Soatmurod Mahmanovdan noroziman, bu kishining olib borayotgan siyosati, xalqqa hurmatsizligi ortiqcha bo‘lyapti. Fermer xo‘jaligimiz hududi ikkinchi sektorga qarashli. 7 iyul kuni prokurorimiz yig‘ilish qilib, tumandagi har bir fermer xo‘jaligiga ikkitadan etik, bittadan fonar olib kelish haqida topshiriq berdi.
Fonarni qiynalmay topdim, lekin saraton vaqti bo‘lgani uchun etik topishim qiyin bo‘ldi. Bandixon tumani markazidagi bir qancha do‘konlarga borib ko‘rdim. Topilmadi. O‘zim yashaydigan hududdagi do‘kondan surishtirgandim, bir juft etik bor ekan. Shuni sotib oldim-da, yig‘ilish o‘tkazilayotgan joyga shoshib bordim”, – deydi Chori Pirimqulov videomurojaatida.

Fermerning so‘zlariga ko‘ra, tumandagi “Shoh barakat” fermer xo‘jaligiga qarashli dala shiyponida soat sakkizda boshlangan yig‘ilishga o‘n daqiqa kechikib borgan. Tuman prokurori fermerni hammaning ko‘z o‘ngida avval haqoratlab, keyin etik bilan urgan.
“Prokuror “Ey cho‘chqa, cho‘chqadan tarqalgan, nima uchun kechikib kelyapsan?” deya meni haqoratlab ketdi. Men rezina etik topish qiyin bo‘lganini aytib, uzr so‘radim. Etikni bu yoqqa olib kel-chi, dedi. Olib borsam: “Bu kiyilgan, eski etik ekan”, deb o‘sha etik bilan boshimga urdi.
Bundan tashqari, yelkamga bir necha marotaba musht bilan ham urdi. Shundan so‘ng “Itdan tarqalgan, chiqqan joyingga tiqib yuboraman”, deya shu yerdagi 50-60 kishining oldida meni haqoratladi. Bu haqoratlarga chidab bo‘lmayapti”, deya yozg‘iradi fermer.

Fermer videomurojaatida so‘kong‘ich prokurorning avvalroq mahalla raislarini, 33-maktab o‘qituvchilarini ham haqoratlagani, ammo hozirgacha og‘zi shaloq qonun himoyachisiga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaganini eslatgan.















