Jamiyat | 19:06 / 14.07.2023
14947
3 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis favvoralarda cho‘milish xatarlari haqida ogohlantirdi

Favvorada cho‘milish o‘tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A,Ye), ichburug‘, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Jazirama yozda cho‘milish havzalari gavjum bo‘ladi, hatto shahar-qishloqlardagi ba’zi favvoralar ham. Ammo shifokorlar bunday havzalarda cho‘milish salomatlik uchun zararli, degan xulosada. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova ma’lumot berdi.

— Favvoralar — havoni namlantirib turish va yon-atrofga estetik ko‘rk bag‘ishlash maqsadida barpo etiladi. Ular cho‘milish uchun mo‘ljallanmagan, dedi shifokor. — Bunday obektlar suvi basseynlarniki singari tez-tez almashtirilmaydi va zararsizlantirilmaydi. Shu bois issiqda ularda mikroorganizmlar tez va oson ko‘payadi.

Oqibatda favvorada cho‘milish o‘tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A,Ye), ichburug‘, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, favvoralarda turli kommunikatsiya va yoritish moslamalari o‘rnatilgan bo‘lsa, suv ostidagi konstruksiyalarga qoqilib, jarohat olish xavfi oshadi.

«Yana bir omil: favvoralar qushlar, it va mushuklar hamda boshqa jonivorlar chanqog‘ini qondirishi, cho‘milishi, sho‘ng‘ishi uchun ochiq hamda qulay manba. Bu esa suvga turli lichinkalar tushishiga olib keladi. Agar shunday ifloslangan suvga bolalar, ayniqsa, badanida turli yara va jarohati borlar cho‘milsa, teri kasalliklarini keltirib chiqaruvchi stafilokokk, streptokokk, enteroviruslar va boshqa parazit hamda mikroblarni yuqtirib olishi oson», dedi shifokor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday muhit burun, og‘iz va quloq shilliq qavatlari yallig‘lanishiga ham olib kelishi mumkin.

Bundan tashqari, yomg‘ir suvi favvoralarga qo‘shilishi oqibatida uning tarkibida zararli kimyoviy aralashmalar paydo bo‘lishi mumkin. Shu sababli, taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslik tavsiya etiladi.

«Agar ochiq havzalarda cho‘milish vaqtida va undan keyin holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, tana harorati ko‘tarilishi, ich ketishi, qorin dam bo‘lishi kabi alomatlar yuzaga kelsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim», dedi mutaxassis.

Mavzuga oid