Jahon | 08:46 / 25.07.2023
6063
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy YeIning Ukraina mahsulotlari eksportini to‘sib qo‘yishini nomaqbul deb atadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tegishli cheklovlar muddati tugaydigan 15 sentabrdan keyin Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quruqlik orqali eksport qilishni to‘sib qo‘yishini nomaqbul deb atadi. 

Foto: president.gov.ua

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u bu masalani qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha yig‘ilishda muhokama qilgan. 

«Biz Yevrokomissiya bilan kelishuvga ishonamiz, lekin har qanday ssenariyga tayyorlanyapmiz», deb yozgan prezident va Kiyev «hammaga ma’qul keladigan yechim topish uchun barcha manfaatdor tomonlar bilan aloqada» ekanini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Rossiya amalda 20 iyuldan boshlab Ukrainaning Qora dengiz sohillari blokadaga olinganini e’lon qildi. Qora dengizdagi Ukraina portlariga ketayotgan barcha kemalar harbiy yuklarni potensial tashuvchilar sifatida ko‘rib chiqiladi va bunday kemalarda bayrog‘i o‘rnatilgan mamlakatlar «Ukraina mojarosida Kiyev rejimi tomonida ishtirok etgan deb hisoblanadi», deya ma’lum qildi 19 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi.

U qo‘shni davlat portlari blokadasini Moskvaning «g‘alla bitimi»dan chiqishi bilan izohladi (matnda bu voqea «Qora dengiz tashabbusi» faoliyatining to‘xtatilishi va dengiz humanitar koridorining cheklanishi» deb ataladi). 

Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligi Qora dengiz xalqaro akvatoriyalarining shimoli-g‘arbiy va janubi-sharqiy qismidagi bir qator hududlar navigatsiya uchun vaqtincha xavfli deb e’lon qilingani va «dengizchilar uchun xavfsizlik kafolatlari bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirishlar joriy etilgani» haqida ma’lumot berdi. 

«G‘alla bitimi» deyarli bir yil davomida amal qildi. Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlar 2022 yil 22 iyulda Istanbulda 120 kunga tuzilgan, keyin esa uch marta uzaytirilgan. Bitimlardan biri Kiyev tomonidan nazorat qilinadigan Odessa, Chernomorsk va Yujniy portlaridan don eksportini tartibga soladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid