Ukrainada urushning 517-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Davlat dumasi harbiy xizmatga chaqiruv yoshining yuqori chegarasini 30 yoshga ko‘tarishni ma’qulladi. Quyi chegara 18 yoshligicha qoldirilgan.
  • Rossiya regionlari rahbarlariga harbiylashgan kompaniyalar tuzishga ruxsat berildi.
  • Amerikalik sobiq dengiz piyodasi, 2020 yilda Rossiyada politsiyaga hujum qilgani uchun 9 yilga qamalgan, 2022 yilda esa Rossiya tomonidan Konstantin Yaroshenkoga almashtirilgan (u Amerikada giyohvandlik kontrabandasi uchun 20 yilga qamalgandi) Trevor Rid Ukrainada yaralandi.
  • BMT Rossiyaning 2022 yil 29 iyulida Olenivkadagi koloniyada ro‘y bergan portlash bo‘yicha (bu yerda 50 nafar ukrainalik harbiy asir halok bo‘lgandi) versiyasini rad etdi. Rossiya Ukraina koloniyani Amerikaning HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan o‘qqa tutganini iddao qilgandi.
  • The Washington Post gazetasi tasdiqlashicha, RF maxsus xizmatlari Putinni Prigojin isyonga tayyorlanayotgani haqida ikki-uch kun ogohlantirgan.

Donetsk o‘qqa tutilishi

Anneksiya qilingan «DXR»ning Kreml tomonidan tayinlangan rahbari Denis Pushilin 24 iyul kuni region hududiga Ukraina tomonidan 37 bor zarba berilganini xabar qildi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bu hujumlar natijasida Donetsk shahrining Kiyev va Kuybishev rayonlarida, Horlivka shahrining Nikitov rayonida to‘qqizta turar joy binosi, yettita fuqarolik infratuzilmasi obektlari, jumladan Makiyivkada shifoxona va bolalar bog‘chasi shikastlangan.

Pushilin zarbalar 25 iyul kuni ham davom etganini bildirgan. Natijada Staromixaylovka posyolkasi, Horlivka shahri va Donetsk shahrining Kuybishev rayonida jami to‘rt kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Pushilinning so‘zlariga ko‘ra, snaryadlar avtobus va avtomobillarga urilgan, shuningdek shaharning turli rayonlarida jami 17 ta turar joy binosi zarbaga uchragan. Ukraina tomoni bu hujumlar yuzasidan munosabat bildirmagan.

Donetsk 24 iyul kuni o‘qqa tutilishi vaqtida vayron bo‘lgan omborxonada ishlayotgan o‘t o‘chiruvchilar
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA