Muzokaralarda Ukraina va ittifoqchilaridan tashqari ba’zi rivojlanayotgan davlatlar ham ishtirok etadi. Bu yig‘ilishga Rossiyani taklif qilishmagan, chunki unda Ukrainaning Moskvani qoniqtirmaydigan shartlar aks etgan tinchlik rejasi ko‘rib chiqiladi.
Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Saudiyada tinchlik bo‘yicha muzokaralar o‘tishi, unda davlat rahbarlarining xavfsizlik va siyosat bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etishini ma’lum qildi.
Yermak tinchlik uchun aynan Kiyev ilgari surgan reja asos bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. «Shuningdek, biz muloqot davomida BMT Nizomiga va xalqaro huquqqa zid bo‘lmagan fikrlarni inobatga olishga tayyormiz», degan Yermak.
Zelenskiy ofisi rahbari Kiyev tinchlik formulasini uch bosqichda amalga oshirmoqchi ekanini qo‘shimcha qilgan.
Rejaning birinchi qismida Ukrainada akkreditatsiyadan o‘tgan elchilar o‘rtasida uchrashuv bo‘lishi kerak. Ikkinchi bosqichda esa muammoga befarq bo‘lmagan davlat rahbarlarining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari optimal yechim izlab muloqot qilishi kerak. Ikkinchi bosqich aynan Saudiyada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Uchinchi bosqich esa davlat rahbarlari ishtirokidagi global sammit ko‘rinishida yil oxirigacha o‘tkazilishi mumkin.
Saudiyada Ukrainadagi urush mavzusida sammit o‘tkazilishi haqida birinchi bo‘lib AQShning Wall Street Journal nashri yozdi. Nashrga ko‘ra, uchrashuv 5-6 avgust kunlari Jiddada o‘tkaziladi. Saudiya va Ukraina sammitga 30 ga yaqin davlatlarni taklif qilgan. Ular orasida Yevropa Ittifoqi yetakchilari va AQShdan tashqari, Hindiston, Braziliya, Indoneziya, Misr, Meksika, Chili va Zambiya ham bor.
WSJ'ning yozishicha, shunga o‘xshash formatdagi Kopenhagenda o‘tkazilgan uchrashuvda Ukraina, Yevropaning bir necha davlatlari, Braziliya, Hindiston, Turkiya va JAR vakillari qatnashgan. AQSh prezidentining xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan esa o‘sha uchrashuvda onlayn qatnashgan.
Nega aynan Saudiya Arabistoni?
WSJ bilan suhbatlashgan g‘arblik diplomatlar aytishicha, sammit o‘tkaziladigan joy sifatida Saudiya Arabistonini tanlaganlar sammitga Xitoyni ham jalb etishga umid qilgan.




















