Özbekiston prezidentining farmoni bilan, Jamşid Anvaroviç Qöçqorov Özbekiston Respublikasi Boş vazirining örinbosari – Özbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimiga tasdiqlandi.

Qöçqorovning nomzodi Oliy Majlis Qonunçilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan. Palataning 3 avgust kungi majlisida Qöçqorov öz harakatlar dasturini taqdim etgan.

Şuningdek, prezident qarori bilan, Şerzod Davlatoviç Qudbiyev Özbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qömitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Şu munosabat bilan u Özbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimidan ozod etildi.

Tayinlov haqidagi qarordan ma’lum böladiki, Soliq qömitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tarkibidan çiqarilib, Vazirlar Mahkamasi huzuriga qaytarilgan. Biroq farqi, avval qömita rasman Özbekiston Respublikasi Davlat soliq qömitasi deb atalgan bölsa, endi Özbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qömitasi deb ataladi.

Bu özgarişlar prezident Şavkat Mirziyoyevning keça, 2 avgust kungi selektorda soliq tuşumlari yetarliça ösmayotganini tanqid qilişi ortidan ma’lum bölmoqda. “Kundan kunga ösayotgan iqtisodiyotimizning samarasi budjet daromadlarida töliq körinmayapti”, – degan davlat rahbari qator soliq mansabdorlarini işdan oldi.

  • Jamşid Qöçqorov 2022 yil oxiridagi ma’muriy özgarişlardan oldin boş vazir örinbosari – iqtisodiyot vaziri lavozimida edi. “Adminreforma” vaqtida u boş vazirning iqtisodiyot masalalari böyiça örinbosari etib tayinlanib, bundan buyon boş vazir örinbosarlari bir vaqtning özida boşqa bir lavozimni egallamasligi aytilgan edi.
  • Ma’muriy özgarişlar vaqtida Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari birlaştirilib, unga sobiq DSQ raisi Qudbiyev rahbar etib tayinlangan, birlaşgan vazirlik tarkibidagi Soliq qömitasi esa 7 oydan buyon birinçi rahbarsiz qolayotgandi.