Jahon | 18:42 / 16.08.2023
9413
2 daqiqa o‘qiladi

NASA mutaxassislari 2024 yilda rekord darajadagi issiqlikni bashorat qilmoqda 

Olimlarning bashorat qilishicha, 2023 yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lish ehtimoli 50 foizni tashkil qiladi. Biroq, 2024 yil yanada issiqroq bo‘lishi mumkin. 

Foto: Reuters

Hozircha 2023 yil rekordlar bo‘yicha uchinchi eng issiq yil sifatida tan olingan. Ammo uning reytingdagi o‘rni keyingi oylar natijalariga ko‘ra o‘zgarishi mumkin. 

«2023 yil 99 foizlik ehtimol bilan eng issiq beshta yildan biri bo‘ladi va 50 foizlik ehtimol bilan tarixdagi eng issiq yil bo‘ladi», dedi Sara Kapnik, Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi (NOAA) bosh ilmiy xodimi. 

NASA Goddard koinot tadqiqotlari instituti direktori Gevin Shmidt so‘zlariga ko‘ra, 2024 yil 2023 yildan ham issiqroq bo‘lishi mumkin. Sababi — El-Ninyo iqlim fenomeni, Tinch okeani ekvator qismida suv yuzasidagi harorat tebranishlari. El-Ninyo iqlimga global ta’sir ko‘rsatadi, ob-havoning o‘ta issiq bo‘lishiga olib keladi, shuningdek ekstremal tabiiy ofatlarni keltirib chiqaradi. 

Shmidtning bashorat qilishicha, El-Ninyo ta’siri 2024 yilda eng yuqori cho‘qqiga chiqadi. Shu sababli, 2023 yilda o‘rnatilgan ko‘plab harorat rekordlari yangilanishi mumkin. 

2023 yil iyul allaqachon 174 yil ichidagi eng issiq oy sifatida tan olindi. O‘rtacha harorat me’yordan 1,12 daraja yuqori bo‘ldi. Okeanlarning harorati ham rekord darajaga yetdi.

Mavzuga oid