O‘zbekiston | 16:30 / 28.08.2023
6279
3 daqiqa o‘qiladi

220 ming o‘qituvchidan 86 ming nafarining bilim va ko‘nikmasi “qoniqarsiz” baholangan 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limidagi masalalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilyapti.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 107 ta tumandan talaba bo‘lganlar oliygohga kirish imtihonlarida matematika bo‘yicha maksimal ballning yarmini ham yig‘a olmagan.

Eng past ko‘rsatkichlar – Andijon, Namangan, Samarqand, Yangiyer, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod, Qo‘qon, Marg‘ilon va Quvasoy shaharlari, Andijon, Asaka Davlatobod, Konimex, Samarqand, Sirdaryo, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Toshkent, Shayxontohur, Olmazor va Mirobod tumanlariga to‘g‘ri keladi. 

Fizika (o‘rtacha 42 ball), kimyo (o‘rtacha 44 ball) va biologiya (58 ball) bo‘yicha ham birorta tuman va shaharda maqtagulik natija yo‘q. 

O‘tgan yili 220 ming muallimdan 86 ming nafari yoki 37 foizining bilim va ko‘nikmasi “qoniqarsiz” baholangan. 

Eng yomon ko‘rsatkich – Qo‘qon shahri, Arnasoy, Pop, Konimex, Chiroqchi, Dehqonobod, Yakkabog‘, Urgut, Sayxunobod, Sirdaryo, Qiziriq, Angor, Boysun, Sherobod, Olmazor, Bektemir, Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq, Zangiota, Tuproqqal’a tumanlarida.

Ayniqsa, hozirda talab yuqori bo‘lgan informatika (62 foiz), fizika (51 foiz), ingliz tili (49 foiz), matematika (45 foiz) va kimyo (44 foiz) fani o‘qituvchilarining bilimi “qoniqarsiz” ekanligi aniqlangan.

Toshkent viloyatida fizika, kimyo, ona tili va adabiyot, Sirdaryoda matematikadan o‘qituvchilarning – 60 foizi, Namanganda informatikadan – 68 foizi, Jizzaxda ingliz tilidan – 52 foizining bilimi qoniqarsiz.

51 ming nafar chet tili o‘qituvchilaridan atigi 17 ming nafari (33 foizi) “C-1” darajasiga ega. 2025 yildan boshlab chet tilidan faqat “C-1” darajasi bor o‘qituvchilar dars o‘tishi mumkin bo‘ladi. 

Xorazmda atigi 656 nafar (20 foiz), Jizzaxda – 466 nafar (23 foiz), Surxondaryoda – 848 nafar (25 foiz) Andijon, Samarqand va Qashqadaryoda – 1,2 ming nafardan (25 foiz), Farg‘onada – 1,4 ming nafar (26 foiz) va Sirdaryoda – 303 nafar (28 foiz) chet tili muallimlari “C-1” darajasiga ega.

Navoiyda esa bu ko‘rsatkich 1,6 ming nafar yoki 68 foizni tashkil qilib, respublika bo‘yicha 1-o‘rinda.

Mavzuga oid