Shavkat Mirziyoyev 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda qator masalalar ko‘tarildi.
O‘qituvchilar oyligi haqida
Prezident o‘tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 baravar oshgani, jumladan, chet tili, Ay-Ti, matematika, kimyo, biologiya bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o‘qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to‘lov joriy etilganini qayd etdi.
Natijada, 6 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni – 23 mingga yetgan, 10 million so‘mdan yuqori oylik oluvchilar 1 mingdan oshgan. Yana 2 mingga yaqin muallimlarga Vazir jamg‘armasidan qo‘shimcha ustamalar to‘lanmoqda.
Ta’lim sifati haqida
Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratilgan. Bu – avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar ko‘p.
So‘nggi yillarda oliy ta’limda qamrov 4 barobar oshirilib, yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Hozir boshlang‘ich sinflarda – 11 ta, yuqori sinflarda – 16 ta fan o‘tilgani bilan, o‘quvchilar aniq bir yo‘nalishda chuqur bilimga ega bo‘lmay, maktabni bitiryapti.
Masalan, 107 ta tumandan talaba bo‘lganlar oliygohga kirish imtihonlarida matematika bo‘yicha maksimal ballning yarmini ham yig‘a olmagan.
Eng past ko‘rsatkichlar – Andijon, Namangan, Samarqand viloyatlari, Yangiyer, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod, Qo‘qon, Marg‘ilon va Quvasoy shaharlari, Andijon, Asaka Davlatobod, Konimex, Samarqand, Sirdaryo, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Toshkent, Shayxontohur, Olmazor va Mirobod tumanlariga to‘g‘ri keladi.
Fizika (o‘rtacha 42 ball), kimyo (o‘rtacha 44 ball) va biologiya (58 ball) bo‘yicha ham birorta tuman va shaharda maqtagulik natija yo‘qligi qayd etildi.
2022 yilda 220 ming muallimdan 86 ming nafari yoki 37 foizining bilim va ko‘nikmasi «qoniqarsiz» baholangan.
Eng yomon ko‘rsatkich – Qo‘qon shahri, Arnasoy, Pop, Konimex, Chiroqchi, Dehqonobod, Yakkabog‘, Urgut, Sayxunobod, Sirdaryo, Qiziriq, Angor, Boysun, Sherobod, Olmazor, Bektemir, Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq, Zangiota, Tuproqqal’a tumanlarida.














