Maktabni bitirib, paxta zavodida ishchi bo‘lgan Hakim O‘rinov maxsus bilimga ega emas, lekin qishloqlarda odamlarning og‘irini yengil qiladigan – o‘rikning danagini ayiradigan, gilam yuvadigan, don mahsulotlarini yorma qiladigan qurilmalarni yasaydi. Uning ukasi ilmiy izlanuvchi, aka-ukalar birgalikda danak chaqadigan uskuna ustida ishlayapti.
Hakim O‘rinov Buxoro viloyati, Shofirkon tumani, Hovlipoyon qishlog‘ida yashaydi, “eski bozor”dan materiallar sotib olib, turli uskunalar yasaydi. Ular qishloqdagi kundalik yumushlarni bajarishda qo‘l keladi. Qizig‘i, qahramonimiz bunday narsalarni maxsus bilimlarsiz yasab keladi.
“Maktabni bitirib, 1994 yil paxta tozalash zavodiga ishga kirganman. 14 yildan beri ikkinchi guruh nogironiman. Qandli diabet bilan og‘riganman. Miyamda ko‘p g‘oyalar bor, ular "fleshka"larga sig‘masa ham kerak. Ammo imkoniyatlarim cheklangan, mablag‘ yetmaydi.

Birinchi marta suv chiqaradigan nasos yasaganman, undan keyin paxta tozalaydigan uskuna. 8 metr chuqurlikdan suv olib chiqadigan nasoslarim ham bor. Kimga nasos kerak bo‘lsa, mendan so‘rab keladi, qo‘limdan kelgancha xalqqa yordam beraman”, – deydi Hakimjon O‘rinov.
U meva va sabzavotlarning sharbatini siqib chiqaradigan apparat ham yasagan.
“Motordan boshqa hamma narsa qo‘lda yasalgan, bundan faxrlanaman. Hamma narsaning sharbatini chiqarib, urug‘i va po‘chog‘ini ajratadi. Bunday uskuna bizga Xitoydan keladi, men o‘zim yasaganman. 10 minutda 15 kilogramm mahsulotni qayta ishlaydi”.

Hakim akaning yana bir uskunasi briket ishlab chiqaradi. Uning aralashtirgichlari qo‘lda tayyorlangan. Toshko‘mir qumini briket qilib chiqaradi – qotirib, presslab beradi.
“Ayrim uskunalar ustida yillab ishlayman. Masalan, shlakoblok apparatimni yasashga 6 oy sarfladim. Don mahsulotlarini yorma qilib beradigan uskunam ham bor, makkajo‘xori kabi mahsulotlarni ezib beradi. Blender, gilam yuvadigan moslama ham yasaganman. Buning uchun tayyor cho‘tkalardan foydalanganman”.




















