«Bornmut» – «Arsenal» 0:4
Gollar: 0:1 – 17 Saka, 0:2 – 44, penalti Edegor, 0:3 – 53, penalti Haverts, 0:4 – Ben Uayt 90+3
Bornmut – Neto, Aarons, Senesi, Zabarniy, Kerkez (Semenio, 83), Kristi (Smit, 83), Kuk, Billing (Rotuell, 75), Taverne (Sinisterra, 59), Klyuyvert (Uattara, 59), Solanke.
Arsenal – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tomiyasu, 69), Edegor, Rays (Jorjinio, 81), Haverts (Smit-Rou, 81), Saka (Fabiu Viyeyra, 76), Gabriel Jyezus, Nketia (Nelson, 69).
Ogohlantirish: Haverts (33).

Shanba oqshomida Angliya top-klublari orasida eng osoni «Arsenal»ga bo‘ldi. Joriy mavsumda hali mag‘lub bo‘lmagan «kanonirlar» o‘zini zo‘riqtirishiga hojat bo‘lmadi, «Bornmut»ning yirik hisobdagi mag‘lubiyatini Saka boshlab berdi. Gabriel Jyezusning bosh bilan bergan zarbasi darvoza to‘sinidan qaytganida to‘pga birinchi bo‘lib kelgan ushbu futbolchi qatorasiga oltinchi o‘yinni gol yoki golli passiz tark etmaydigan bo‘ldi. Angliyalik vinger bu o‘yinlarda  to‘rt gol urgan va uch golga uzatma bergan. Mehmonlar shu kuni ikki bor penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi, avvaliga Edegor nuqtaga yaqinlashib hisobdagi farqni oshirgan bo‘lsa, keyin jamoa Haversni qo‘llab-quvvatlab, unga jamoadagi debyut golini nishonlash imkoniyatini taqdim etishdi. Yakunda Mikel Arteta jamoasi APL 650 g‘alabaga erishgan ikkinchi jamoaga aylandi va turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

«Manchester Yunayted» – «Kristal Pelas» 0:1
Gol: 0:1 – 25 Andersen.
Manchester Yunayted – Onana, Diogu Dalot, Varan (Maguayr, 87), Lindelyof (van de Bek, 88), Amrabat, Kazemiro, Brunu Fernandesh, Maunt (Marsiyal, 77), Pelistri (Garnacho, 61), Reshford (Eriksen, 77), Hoylund.
Kristal Pelas – Jonston, Uord, Andersen, Gehi, Mitchell, Shlupp (Ridevald, 78), Hyuz, Eze (Richards, 88), Dukure, Ayyu, Mateta.
Ogohlantirishlar: Kazemiro (10), Hyuz (32), Uord (45), Maunt (77), Amrabat (79).

To‘rt kun muqaddam Angliya ligasi kubogida «Kristal Pelas»ni yirik hisobda mag‘lub etgan (3:0) «MYu» o‘z uyida jiddiy qarshilikka uchradi va og‘riqli mag‘lubiyat qabul qilib oldi. Erik ten Hagda dahshatli darajadagi kadrlar muammosi yuzaga kelgan. O‘yin arafasida shu hafta safga qaytishi kutilgan Lisandro Martines bir necha oyni o‘tkazib yuborishi ayon bo‘ldi. Argentinalik futbolchining bahorda oyoq kaftidan olgan jarohati qaytalangan.